19:41 / 16.11.2025
1 738

Tim Kuk Apple rahbarligidan ketishi mumkin


Financial Times nashrining xabar berishicha, Apple kompaniyasining bosh direktori Tim Kuk 2026-yilda o‘z lavozimini tark etishi mumkin. Nashr manbalariga ko‘ra, uning o‘rniga asosiy da’vogar sifatida apparat vositalari ishlab chiqilishini boshqarayotgan katta vitse-prezident Jon Ternus nomi tilga olinmoqda.

Financial Times ta’kidlashicha, yakuniy qaror hali qabul qilinmagan va Apple yangi rahbari nomini ehtimol, yanvar oyidagi moliyaviy hisobot e’lon qilinganidan keyin oshkor qiladi. Yil boshida rahbariyatda o‘zgarishlar amalga oshirilishi kutilmoqda, bu esa bo‘lajak bosh direktorga iyun oyidagi dasturchilar konferensiyasi hamda sentyabrda yangi iPhone taqdimotiga tayyorgarlik ko‘rish uchun imkon yaratadi.

Apple ichida rahbariyat tarkibi yangilanmoqda. Bu yil kompaniyani moliyaviy direktor Luka Maestri yil boshida, operatsion direktor Jeff Uilyams esa yozda tark etdi.

Hozirda Tim Kuk 65 yoshda. U 2011-yildan beri Apple rahbarligini olib bormoqda va Stiv Jobsning o‘rnini egallagan.

Uning boshqaruvi davrida kompaniyaning bozor qiymati 350 milliard dollardan 4 trillion dollarga yetdi. Kursiv Uzbekistan ma’lumotiga ko‘ra, Apple Siri uchun sun’iy intellekt modeli bo‘yicha Google kompaniyasiga yiliga 1 milliard dollar to‘lashga tayyor ekanini bildirgan.


Apple Kompaniyasi, Tim Kuk, Jon Ternus, Sun’iy Intellekt, Moliyaviy Hisobot
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing