19:02 / 16.11.2025
1 738

To‘qayev mintaqaviy birdamlik va strategik hamkorlikni qo‘llab-quvvatladi

Toshkentda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi maslahat uchrashuvi mintaqadagi eng muhim siyosiy voqealardan biri sifatida qayd etildi. Anjuman doirasida Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev nutq so‘zlab, bir qator dolzarb masalalar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirib o‘tdi.

Prezident To‘qayev avvalo O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan ko‘tarilgan masalalarga to‘liq qo‘shilishini ta’kidladi. Uning fikricha, bugungi keskin geosiyosiy sharoitda Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun o‘ta muhim tarixiy fursat shakllangan — mintaqa Yevrosiyo miqyosidagi eng yirik transport-logistika markazlaridan biriga aylanishi mumkin.

— Jahon siyosatidagi o‘zgarishlar fonida mamlakatlarimiz oldida noyob imkoniyat paydo bo‘lmoqda. Biz bu imkoniyatni qo‘ldan boy bermasligimiz lozim, — dedi To‘qayev.

Samarqanddagi YUNESKO forumiga baland baho

Qozog‘iston rahbari nutq davomida Samarqandda yuqori saviyada o‘tkazilgan YUNESKO Bosh konferensiyasiga ham alohida to‘xtalib, Shavkat Mirziyoyevni ushbu nufuzli tadbirni muvaffaqiyatli tashkil etgani munosabati bilan tabrikladi.

— Bu juda muhim va katta siyosiy-ilmiy ahamiyatga ega forum bo‘ldi, — dedi u.

Islom sivilizatsiyasi markazi — umumiy ilmiy maydon

To‘qayev Toshkentda yaqinda ochilgan Islom sivilizatsiyasi markaziga yuqori baho berdi. Uning ta’kidlashicha, mazkur loyiha faqat diniy-ma’rifiy emas, balki ilmiy, madaniy va sayyohlik nuqtayi nazaridan ham ulkan ahamiyatga ega.

— O‘zbekiston prezidenti aytganidek, Islom sivilizatsiyasi markazi mintaqadagi umumiy ilmiy izlanishlar va hamkorlik uchun yagona platformaga aylanishi mumkin. Bu g‘oyani to‘la qo‘llab-quvvatlayman, — dedi Qozog‘iston rahbari.

Integratsion jarayonlarni chuqurlashtirishga tayyorlik

Prezident To‘qayev Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan institutsional takliflarni ham ma’qulladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mintaqa davlatlari mazkur takliflarni ishchi tartibda puxta muhokama qilib, keyinchalik qonunchilik yoki shartnomaviy asosda tasdiqlashi mumkin.

— Formatimizni yanada mustahkamlash uchun barcha imkoniyatlar bor. Biz birgalikda harakat qilsak, natija uzoq kuttirmaydi, — dedi u.

Prezident Mirziyoyevga minnatdorchilik

Nutqi yakunida To‘qayev sammit yuqori darajada tashkil etilgani uchun O‘zbekiston rahbariga alohida minnatdorchilik bildirdi:

— Shavkat Miromonovich, sammit uchun yaratilgan sharoit va samimiy mehmondo‘stlik uchun yana bir bor chuqur minnatdorchilik bildiraman, — deya ta’kidladi Qozog‘iston prezidenti.

Markaziy Osiyodagi integratsiya, siyosiy muloqot va strategik sheriklik yanada kuchayishi uchun bunday uchrashuvlar ulkan ahamiyat kasb etadi. Toshkent sammiti esa bu jarayonda yangi bosqichni belgilab berdi.


Markaziy Osiyo, Toshkent Sammiti, Shavkat Mirziyoyev, Qosim Toqayev, Islom Sivilizatsiyasi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing