21:55 / 15.11.2025
1 602

Bankdan qarzini to‘lamay yurgan fuqaroning uyi sotuvga chiqdi

Toshkent viloyatida yashovchi qarzdor fuqaro o‘zining uyidan mahrum bo‘lish arafasida qoldi. Ma’lumotlarga ko‘ra, u bankdan olgan kreditini o‘z vaqtida qaytarmagani uchun uning garovdagi ko‘chmas mulkiga undiruv qaratildi.

Zangiota tumanlararo sudi ijro hujjatiga ko‘ra, qarzdor YATT “Ipak yo‘li bank” foydasiga 307 million so‘mdan ziyod qarzni to‘lashi shart edi. Ammo qarz o‘z vaqtida qoplanmagani bois, qarzdorga tegishli bo‘lgan Toshkent tumanidagi uy garov mulki sifatida xatlandi.

Ijro ishi qo‘zg‘atilgan kunning o‘zida qarzdorga ixtiyoriy ravishda qarzni to‘lash uchun imkoniyat berilgan, biroq u talabni bajarmagan. Shu sababli, mulkka band qo‘yilib, hujjatda ko‘rsatilgan tartibda sotuvga tayyorlandi.

Hozirda ushbu uy 375 million so‘mlik boshlang‘ich bahoda onlayn auksionga chiqarish jarayoni amalga oshirilmoqda. Mutaxassislar qarzdorlik bilan bog‘liq bunday holatlarda mulkdorlar qonun talablariga qat’iy amal qilishini eslatmoqda.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing