17:14 / 15.11.2025
1 804

Shifokor reseptisiz kuchli dorilar savdosi: Jizzaxda jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Jizzax viloyatida kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy savdosi bilan shug‘ullangan shaxslar qo‘lga olindi, deb xabar berdi Bosh prokuratura huzuridagi Departament.

Jizzax shahri bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida “H.A.” xususiy korxonasi rahbari J.R. va dorixona sotuvchisi I.R. tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalari mavjud bo‘lgan 136 dona “Omnadren 250” dori vositasini fuqaro M.X.ga 7,3 million so‘m evaziga shifokor reseptisiz sotayotgan paytda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shuningdek, Departamentning Zafarobod tumani bo‘limi va IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan yana bir tezkor tadbirda fuqaro Z.U. tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalari mavjud bo‘lgan 602 dona turli nomdagi dorilarni 2,3 million so‘mga sotayotgan vaqtida qo‘lga olingan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 251-1-moddasi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.


Jizzax Viloyati, Kuchli Dorilar, Noqonuniy Savdo, Tezkor Tadbir, Jinoyat Ishlari
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing