
Jahon moliya bozorlarida qimmatbaho metallar ketma-ket haftalar davomida barqaror o‘sishni namoyish etmoqda. Ayniqsa, kumush narxining keskin ko‘tarilishi investorlar diqqatini yana bir bor aynan shu metallga qaratdi. “Market Screener” xabariga ko‘ra, kumush so‘nggi kunlarda rekord natijalarni qayd etmoqda.
Ma’lum qilinishicha, hafta yakuniga kelib kumushning bir unsiyasi 67,45 dollarga yetib, tarixiy eng yuqori ko‘rsatkichni yangiladi. Spot bozorida kumush 2,6 foizga qimmatlab, 67,14 dollar darajasida baholandi. Shu tariqa haftalik o‘sish 8,4 foizga yetdi. Mutaxassislar bunday sur’atli ko‘tarilishni investitsiya talabining kuchayishi va bozorda taklif cheklangani bilan bog‘lamoqda.
Shu bilan birga, oltin ham o‘z pozitsiyasini mustahkam saqlab qoldi. Spot oltin narxi 0,4 foizga oshib, unsiyasi uchun 4 347,07 dollarni tashkil etdi. Haftalik hisobda esa oltin 1,1 foiz daromad ko‘rsatdi. AQSH oltin fyucherslari ham 0,5 foizga o‘sib, 4 387,3 dollar atrofida savdolandi.
“US Global Investors” kompaniyasining bosh treyderi Maykl Matousekning ta’kidlashicha, odatda oltin va kumush bir-biriga bog‘liq harakatlanadi. Biroq so‘nggi ikki oy ichida bozorda asosiy yetakchilikni aynan kumush qo‘lga oldi. Shu sababli, qisqa muddatli istiqbolda investorlar yana oltinga ham qiziqishni oshirishi mumkin.
Yil boshidan buyon kumush narxi 132 foizga o‘sdi. Bu ko‘rsatkich oltinning 65 foizlik o‘sishidan deyarli ikki barobar yuqori. “Blue Line Futures” kompaniyasi bosh bozor strategi Filipp Streibl bu holatni ETF oqimlarining faollashuvi va chakana investorlar tomonidan amalga oshirilayotgan spekulyativ harakatlar bilan izohlamoqda.
Makroiqtisodiy omillar ham qimmatbaho metallar uchun qulay sharoit yaratmoqda. AQSHda noyabr oyida iste’mol narxlari indeksi yillik hisobda 2,7 foizga oshdi, bu esa kutilgan 3,1 foizlik prognozdan past chiqdi. Shu bilan birga, ishsizlik darajasi 4,6 foizga ko‘tarilib, 2021-yil sentyabridan beri eng yuqori nuqtaga yetdi.
Mutaxassislar fikricha, inflyatsiya bosimining pasayishi va mehnat bozoridagi zaiflashuv Federal rezerv tizimini pul-kredit siyosatini yumshatishga undashi mumkin. LSEG ma’lumotlariga ko‘ra, treyderlar kelasi yilda kamida ikki marta 25 bazaviy punkt miqdorida foiz stavkalari pasaytirilishini kutib turibdi.
Boshqa qimmatbaho metallar ham ijobiy dinamikani saqlab qoldi. Platina 18-dekabr kuni 17-yillik eng yuqori darajaga yaqinlashib, 19-dekabr kuni 3,1 foizga o‘sdi va 1 975,51 dollarga yetdi. Palladiy esa qariyb uch yillik eng yuqori ko‘rsatkichga yaqinlashib, 0,8 foizga qimmatlab, 1 709,75 dollar darajasida savdolandi.
Umuman olganda, global iqtisodiy noaniqlik, Markaziy banklar siyosati bo‘yicha kutilayotgan qarorlar va yuqori investitsiya talabi qimmatbaho metallarni 2025-yil yakuniga qadar moliya bozorlarida eng jozibali aktivlardan biriga aylantirmoqda.