12:00 / 17.12.2025
1 484

Kumush narxi ilk bor tarixiy rekordni yangiladi

Jahon birjalarida qimmatbaho metallar bozorida navbatdagi muhim voqea qayd etildi. Birja ma’lumotlariga ko‘ra, kumush narxi o‘z tarixida ilk bor yangi eng yuqori cho‘qqiga chiqdi. 17 dekabr, chorshanba kuni Comex birjasida mart oyi uchun mo‘ljallangan kumush fyucherslari 4,65 foizga qimmatlab, bir unsiya uchun 66,27 dollargacha yetdi.

Shu tariqa, kumush qiymati birinchi marta 66 dollarlik psixologik chegaradan yuqori ko‘tarildi. Mutaxassislar bu o‘sishni bir vaqtning o‘zida oltin narxining oshishi hamda AQSH iqtisodiyotidan kelayotgan zaif makroiqtisodiy signallar bilan bog‘lamoqda.

Xususan, AQSH mehnat bozoriga oid so‘nggi ma’lumotlar investorlarni xavotirga soldi. Qishloq xo‘jaligidan tashqari sohalarda bandlik bo‘yicha hisobotga ko‘ra, noyabr oyida ishsizlik darajasi 4,6 foizgacha ko‘tarildi. Bu esa 2021 yil sentyabridan beri qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.

Shu bilan birga, AQSH iqtisodiyotida 64 mingta yangi ish o‘rni yaratilgani ma’lum qilindi. Bu raqam tahlilchilar kutgan 50 minglik prognozdan yuqori bo‘lsa-da, oktyabr oyi natijalari qayta hisoblanib, o‘sha oyda aslida 105 mingta ish o‘rni qisqargani oydinlashdi.

Iqtisodchilar fikricha, aynan shu noaniqliklar investorlarni xavfsiz aktivlar — oltin va kumushga murojaat qilishga undamoqda. Natijada kumush bozorida talab keskin oshib, narxlar tarixiy rekordni yangilashda davom etmoqda.


Qimmatbaho metallar, Kumush narxi, AQSH iqtisodiyoti, Mehnat bozori, Investor xavotiri
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing