21:42 / 19.12.2025
1 594

Uy olish osonlashadi, ammo narxlar oshadimi? Shvetsiyada yangi ipoteka islohoti

Shvetsiya hukumati uy-joy bozorini jonlantirish va aholining uy sotib olish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan yangi islohotni taklif qildi. Ushbu o‘zgarishlar, ayniqsa, yoshlar va bolali oilalar uchun qulaylik yaratishi kutilmoqda. Bu haqda Azertadj nashri xabar berdi.

Yangi qoidalar 2026 yil 1 apreldan kuchga kiradi. Islohot doirasida ipoteka kreditlari bo‘yicha asosiy talablar yengillashtiriladi. Jumladan, kredit limiti oshiriladi va ayrim qarz oluvchilar uchun kreditni tezda qaytarish majburiyati bekor qilinadi.

Yangi tartibga ko‘ra, endi uy sotib oluvchilar mulk qiymatining 90 foizigacha bo‘lgan qismini ipoteka krediti orqali olishlari mumkin bo‘ladi. Avval bu ko‘rsatkich 85 foiz edi. Natijada, dastlabki badal 10 foizgacha kamayadi. Shuningdek, qarzi yillik daromadining 4,5 baravaridan oshadigan fuqarolar uchun majburiy tezkor amortizatsiya talabi bekor qilinadi. Biroq asosiy amortizatsiya qoidalari saqlanib qoladi.

Hukumat vakillarining ta’kidlashicha, ushbu o‘zgarishlar uy xo‘jaliklarining oylik moliyaviy yukini sezilarli darajada kamaytiradi. Masalan, bolali oilalar oyiga bir necha yuz dollar mablag‘ni tejash imkoniga ega bo‘ladi. Yoshlar uchun esa dastlabki depozitni yig‘ish muddati 2–4 yilga qisqarishi kutilmoqda.

Shu bilan birga, mutaxassislar islohot uy-joy narxlarining oshishiga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirmoqda. Prognozlarga ko‘ra, 2026–2027 yillarda uy-joy narxlari yiliga 5–6 foizga oshishi ehtimoli bor. Bu esa aholi orasida qarz yukining ortishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Shu sababli hukumat qo‘shimcha muvozanat choralarini ko‘rishni rejalashtirmoqda. Jumladan, kreditlarni amortizatsiya qilishni rag‘batlantirish, qo‘shimcha qarz olishga cheklovlar joriy etish, banklarning kapital talablarini kuchaytirish hamda Shvetsiya Markaziy banki — Riksbankning moliyaviy barqarorlikni ta’minlashdagi rolini oshirish ko‘zda tutilgan.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing