Qora dengizda ekologik fojea: delfinlar ommaviy halok bo‘lyapti

Qora dengizda yuz berayotgan ekologik halokat oqibatlari tobora og‘irlashmoqda. Kerch bo‘g‘ozida yonilg‘i moyi to‘kilishi ortidan bir yil davomida 600 dan ortiq delfin o‘lik holda qirg‘oqqa chiqib qoldi.
Delfa suv sutemizuvchilarini qutqarish ilmiy-ekologik markazi ma’lumotlariga ko‘ra, avariyadan keyingi ilk oydayoq delfinlar o‘limi keskin ko‘paygan. Mutaxassislar bu holat yaqin bir necha yil davomida ham saqlanib qolishi mumkinligini istisno qilmayapti. Sabab sifatida organizmda toksinlar to‘planishi, turli kasalliklar ko‘payishi va tug‘ilish darajasining pasayishi ko‘rsatilmoqda.
Ayni paytda qirg‘oqqa chiqqan barcha delfinlar to‘g‘ridan to‘g‘ri yonilg‘i moyidan halok bo‘lgan, deb aniq aytish qiyin. Biroq o‘lim holatlarining oktyabr–noyabr oylarida va qirg‘oqqa chiqish mavsumida ham yuqori bo‘lgani ekologlarni jiddiy tashvishga solmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yil dekabr oyida Kerch bo‘g‘ozida bo‘ron vaqtida ikki tanker ag‘darilib, minglab tonna mazut dengizga to‘kilgan edi. Shu voqeadan keyin Qora dengiz ekotizimi jiddiy zarar ko‘rdi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ifloslangan ayrim plyajlar faqat 2026 yilga borib tiklanishi mumkin.
Qisqasi, inson xatosi tabiat uchun og‘ir narxga tushmoqda. Qora dengizdagi delfinlar taqdiri esa hali uzoq yillar ekologlar diqqat markazida qolishi kutilmoqda.
Qora dengiz, Ekologik halokat, Kerch bo‘g‘ozi, Delfinlar o‘limi, Tabiat muhofazasi