Ilon Mask 700 milliarddan oshgan ilk insoniyat rekordini o‘rnatdi

SpaceX asoschisi va Tesla rahbari Ilon Mask insoniyat tarixida boyligi 700 milliard dollardan oshgan birinchi shaxs sifatida yangi cho‘qqini zabt etdi. Bu haqda nufuzli Forbes nashri xabar bermoqda. Navbatdagi moliyaviy rekord Delaver shtati sudining muhim qarori ortidan rasmiylashdi.
Gap shundaki, quyi instansiya sudi Illon Maskka tegishli emas, deb topgan Tesla aksiyalari bo‘yicha opsionlar haqidagi qaror bekor qilindi. Natijada mazkur paket qaytadan Mask aktivlari sifatida e’tirof etildi. Ayni paytda ushbu aksiyalar qiymati 139 milliard dollarga baholanmoqda.
Forbes hisob-kitoblariga ko‘ra, shu qarordan so‘ng Maskning umumiy boyligi 749 milliard dollarga yetdi. Qizig‘i shundaki, bundan bor-yo‘g‘i besh kun oldin, 15-dekabr kuni u 600 milliard dollarlik chegarani ortda qoldirib, tarixda ilk bor bunday natijaga erishgan inson sifatida qayd etilgan edi.
Bundan avval, joriy yil oktyabr oyida Mask boyligi 500 milliard dollarga yetgan birinchi shaxs sifatida ham tarixga kirgan. Bu o‘sish sur’atlari uning aktivlari qanday tezlikda qimmatlashayotganini yaqqol ko‘rsatadi.
Ma’lumot o‘rnida, Ilon Mask 2021 yilda Forbes’ning dunyodagi eng boy insonlar reytingida birinchi o‘rinni egallab, Amazon asoschisi Jef Bezosni ortda qoldirgandi. O‘sha davrda jurnal uning boyligini 271,3 milliard dollarga baholagandi.
Shundan beri raqamlar bosqichma-bosqich o‘sib bordi: 2021 yil noyabrda — 300 milliard, 2024 yil dekabrida — 400 milliard dollar. Forbes prognozlariga ko‘ra esa, agar hozirgi tendensiya saqlanib qolsa, Ilon Mask 2033 yil martiga borib dunyodagi birinchi trillionerga aylanishi mumkin.
Qisqacha aytganda, Mask faqat texnologiya va kosmos sohasida emas, balki moliyaviy tarixda ham o‘z qoidalarini yozib ketmoqda. Bu esa uning nomi hali uzoq yillar davomida global kun tartibidan tushmasligini anglatadi.
Ilon Mask, Tesla kompaniyasi, Forbes nashri, Moliyaviy rekord, Texnologiya sohasi