
BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) e’lon qilgan AQUASTAT ma’lumotlar bazasining yangi tahliliga ko‘ra, dunyo bo‘ylab aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan qayta tiklanadigan chuchuk suv resurslari hajmi keskin kamayishda davom etmoqda. So‘nggi o‘n yil ichida ushbu ko‘rsatkich yana 7 foizga pasaygani qayd etilgan.
Tahlilda ta’kidlanishicha, gap tabiiy gidrologik aylanish orqali har yili yangilanadigan suv manbalari haqida bormoqda. FAOning yangilangan raqamlariga ko‘ra, Markaziy Osiyoda 2015 yildan buyon qayta tiklanadigan suv zaxiralari aholi jon boshiga nisbatan 12 foizga qisqargan. Bu ko‘rsatkich dunyodagi eng xavotirli tendensiyalarning biri sifatida baholanmoqda.
Mutasaddilar suv yetishmovchiligini baholashda “suv stressi” degan ko‘rsatkichdan foydalanadi. U suv olish hajmining mavjud resurslarga nisbatan foizini ko‘rsatadi. Markaziy Osiyoda bu daraja yuqori ekani ayni paytdagi suvdan foydalanish tarkibi bilan bog‘liq: mintaqada mavjud suvning 82 foizi qishloq xo‘jaligi ehtiyojlariga sarflanadi.
Shu bilan birga, FAO ayni mintaqa suv resurslarini boshqarishda muayyan ijobiy o‘zgarishlar yuz berganini ham qayd etadi. Masalan, 2015–2022 yillarda chuchuk suv olish hajmi 9 foizga kamaygan — 123 million kub metrdan 112 million kub metrgacha. “Suv stressi” ko‘rsatkichi esa 76,8 foizdan 70,2 foizga tushgani, ya’ni qariyb 8,6 foizlik yumshash kuzatilgani ma’lum qilindi.
Shu bilan birga, global darajada bosim ortib bormoqda. 2022 yilda dunyo bo‘yicha o‘rtacha “suv stressi” darajasi 18 foizni tashkil etgan bo‘lsa-da, ayrim hududlarda bu ko‘rsatkich ancha yuqori:
-Shimoliy Afrika — 121%
-Janubiy Osiyo — 76,7%
-Markaziy Osiyo — 70,2%
-G‘arbiy Osiyo — 65,1%
Mutaxassislar ta’kidlashicha, ushbu yuqori ko‘rsatkichlar mavjud suv zaxiralarining yil davomida to‘ldirilishi olingan suv miqdoriga yaqinlayotgani yoki umuman ortda qolmoqda. Bu esa suv ekotizimlari, qishloq xo‘jaligi va iqtisodiyot barqarorligi uchun jiddiy xavf signalidir.
Qishloq xo‘jaligi hanuzgacha dunyoda suv iste’mol qiladigan eng yirik sohalardan biri bo‘lib qolmoqda. Biroq Yevropa va Shimoliy Amerikada suvning faqat 34 foizi agrar ehtiyojlar uchun ishlatiladi, shu bilan birga global sanoat suv iste’molining qariyb yarmi — 47 foizi ana shu hududlarga to‘g‘ri keladi.
FAO hisobotida ayrim hududlarda suvdan oqilona foydalanish samaradorligi oshgani qayd etilsa-da, qurg‘oqchil mintaqalarning aksariyatida “suv stressi”ning yuqoriligi uzoq muddatli moslashuv strategiyalari va barqaror suv boshqaruvi zarurligini anglatmoqda.
FAO hisobotlari, Suv resurslari, Markaziy Osiyo, Suv stressi, Qishloq xo‘jaligi