
Hindistonning shimoli-sharqida qonli hodisa sodir bo‘ldi: Dehli tomon harakatlanayotgan poyezd fillar galasi bilan to‘qnashdi. Oqibatda yettita fil halok bo‘lib, yana biri og‘ir jarohat oldi.
Ma’lum qilinishicha, voqea 20 dekabr kuni Assam shtatidagi Xojai tumani hududida ro‘y bergan. Ushbu joy fillar uchun maxsus yo‘lak hisoblanmagan. Poyezd mashinisti hayvonlarni payqashi bilan favqulodda tormozni ishga tushirgan, ammo qo‘rqqan fillar poyezd tomon yugurib chiqqan.
Kuchli to‘qnashuv natijasida poyezdning beshta vagoni relsdan chiqib ketgan. Yaxshiyamki, poyezddagi yo‘lovchilar orasida jabrlanganlar yo‘q. Biroq hayvonlar orasida yo‘qotish katta bo‘lgani qayd etildi.
Hodisadan so‘ng mazkur temiryo‘l yo‘nalishida qatnov vaqtincha cheklanib, poyezdlar aylanma yo‘llar orqali harakatlantirilmoqda.
Qisqasi, inson faoliyati va yovvoyi tabiat o‘rtasidagi to‘qnashuv yana bir bor fojea bilan yakunlandi. Bu kabi hududlarda xavfsizlik choralarini kuchaytirish masalasi yana kun tartibiga chiqdi.
Hindiston shimoli, Assam shtati, Fillar galasi, Poyezd hodisasi, Yovvoyi tabiat