20:47 / 19.12.2025
1 593

Rauf Inileyev: barqarorlik va sog‘lom tarkib — kalit omil

O‘zbekiston milliy terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi Rauf Inileyev Jahon chempionati arafasida jamoaning imkoniyatlari, barqaror o‘yin ahamiyati hamda yetakchi futbolchilarning sog‘lig‘i hal qiluvchi omil ekanini ta’kidladi. Uning fikricha, so‘nggi yillarda termalarimizda shakllangan tizim eng katta yutuq hisoblanadi.

Inileyev ta’kidlaganidek, oxirgi mavsumlarda O‘zbekistonning barcha terma jamoalari yuqori saviyada o‘yin ko‘rsatmoqda. Eng muhimi esa shu sur’at va barqarorlikni saqlab qolish. Agar jamoa aynan shu yo‘ldan og‘ishmay davom etsa, nafaqat Jahon chempionatida, balki boshqa yirik musobaqalarda ham munosib natijalar qo‘lga kiritish mumkin.

Sobiq murabbiy Jahon chempionatiga chiqishning o‘zi katta tarixiy natija ekanini alohida qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, terma mundialga tasodifan emas, to‘liq haqli ravishda yo‘l oldi. Tabiiyki, muxlislar va mutaxassislar keyingi bosqichga chiqishni istaydi. Bu orzu real, chunki jamoaning bunga yetarlicha salohiyati bor. Guruhda mutlaq favorit yoki mutlaq autsayder yo‘q, barcha raqiblar bilan tengma-teng kurashish mumkin.

Inileyevning fikricha, eng nozik masala — futbolchilar sog‘lig‘i. Zamonaviy futbol juda tezkor va jismoniy jihatdan talabchan bo‘lib qoldi. Agar asosiy o‘yinchilardan biri jarohat olsa, bu jamoa uchun jiddiy muammoga aylanishi mumkin. Chunki terma zaxirasida har pozitsiyada Shomurodov, Yusupov yoki Husanov darajasidagi ikkinchi variantlar ko‘p emas.

Sobiq murabbiy umid bilan shunday deydi: agar jarohatlar chetlab o‘tsa va terma Jahon chempionatiga eng optimal tarkibda yetib borsa, guruhdan chiqish vazifasini bajarish to‘liq qo‘limizdan keladi. Qisqasi, ishonch bor, asosiysi — barqarorlikni saqlash va omadni qo‘ldan chiqarmaslik.


Rauf Inileyev, Jahon chempionati, O‘zbekiston terma, Futbolchilar sog‘lig‘i, Barqaror o‘yin
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing