22:09 / 16.12.2025
1 981

«Oltin to'p»ga da'vo qilishi kutilayotgan olti faol futbolchi


Vaqt bir joyda turmaydi: futbol ham shunchaki o'zgarmayapti, u bir davrdan boshqasiga tez sur'atda o'tmoqda. Kecha abadiydek tuyulgan nomlar tarixga aylanar ekan, o'n yil davomida o'yin qoidalarini belgilab bergan afsonalar o'rnini yangi qahramonlar egallayapti.

Bu futbolchilar ulg'ayib, mas'uliyatni zimmasiga olayotgani, bashoratlarni chil-parchin qilib, o'yinning o'zini oldinga siljitayotganini ko'rarkanmiz, bitta xulosa aniq: ular yangi futbol haqiqatining markaziga aylanmoqda. Ularning klub va terma jamoalarga ta'siri shunchalik kuchayganki, endi savol «Oltin to'p»ni yutadimi-yo'qmi emas, balki «ulardan qaysi biri birinchi bo'lib kubokni ko'taradi» ko'rinishini olmoqda.

Quyida imkoniyati boshqalardan yuqoriroq bo'lgan olti nom keltiriladi. Erling Holand («Manchester Siti») Holand shunchaki gollar ishlab chiqaradigan «mashina» emas.

U markaziy hujumchi haqidagi tasavvurni yangilagan, zamonaviy futbol hujumchidan ko'proq ishtirok talab qilayotgan davrda ham o'z ta'sirini yo'qotmaydigan ijrochi. Eng omadsiz o'yinlarda ham u 20 daqiqalab to'pga tegmay qolishi mumkin, biroq bitta hujum, bitta harakat bilan uchrashuv manzarasini ag'darib yuboradi.

«Manchester Siti»da norvegiyalik Pep Gvardiola tizimining muhim bo'lagiga aylandi. So'nggi yillarda u muntazam gol urib, shaxsiy rekordlarini yangilamoqda.

Matnda ta'kidlanishicha, Holand Norvegiyani 2026-yilgi jahon chempionatiga olib chiqishga ham muvaffaq bo'lgan. Agar u mundialda yorqin o'ynab, terma jamoasini imkon qadar uzoqqa olib borsa, uning maqomi istalgan klub mavsumidan ham kuchliroq oshishi mumkin.

Raqamlar esa har doimgidek e'tiborni tortadi: APLda 15 o'yinda 15 gol, Chempionlar ligasida 5 o'yinda 5 gol. Futbol «qotil» forvardlarni yaxshi ko'radi, Holand esa bu turdagi hujumchilarning eng yorqin timsollaridan.

Lamin Yamal («Barselona») Yamal futboliy yetuklik juda erta kelishi mumkinligining eng yorqin misoli. «Barselona»da u shunchaki asosiy tarkibda ko'rinmaydi: o'yinni harakatga keltiradi, hujumlarni keskinlashtiradi va ko'p tajribali futbolchi soddaroq yechimni tanlaydigan vaziyatlarda ham mas'uliyatni o'z zimmasiga oladi.

Uning driblingi, chap oyog'i va bosim ostida qaror topish qobiliyati allaqachon «Barsa» hujum chizig'ining tayanch unsurlaridan biriga aylantirgan. Biroq katta iste'dod doimo kuchli e'tibor bilan birga keladi.

Yamal atrofida vaqti-vaqti bilan maydon tashqarisidagi bahsli holatlar muhokamasi avj oladi: tantanalarni nishonlash uslubi, ijtimoiy tarmoqlardagi faollik yoki intizom borasida savol uyg'otgan epizodlar. Hozircha bular yoshga xos tebranishlar bo'lib ko'rinadi, ammo allaqachon uning obrazini shakllantirib ulgurdi.

Shunga qaramay, hal qiluvchi omil boshqacha: agar Yamal butun diqqatini futbolga qaratib, ortiqcha shovqindan xoli bo'lsa, uning salohiyati yaqin yillarda «Oltin to'p» uchun jiddiy kurashishga yetadi. Iste'dod darajasi cho'qqiga olib boradigan yo'lni ochib turibdi, endi eng muhimi o'sha yo'ldan chalg'imasdan yurish.

Kilian Mbappe («Real Madrid») Mbappening «Real Madrid»ga o'tishi oddiy transfer emas, balki jahon futbolidagi kuchlar nisbatini o'zgartirgan voqea sifatida baholanadi. Kilian allaqachon «iste'dod» maqomidan ancha yuqoriga ko'tarilgan: u yillar davomida barqaror yuqori darajani ushlab kelayotgan top futbolchi.

«PSJ»da unga yetishmagan eng katta narsa Chempionlar ligasi bo'lsa, Madridda bu uzoq kutilgan sovrinni qo'lga kiritish uchun barcha imkoniyat bor. «Real» Mbappega «Oltin to'p» sari kerakli sharoitlarni beradi: kuchli jamoa, final bosqichlariga doimiy yaqinlik, Chempionlar ligasi uchun muntazam kurash va loyihaning markazida bo'lish.

Mbappe bosimni yaxshi ko'radi, qarorni tez qabul qiladi va ko'pchilik yashirinadigan pallada boshini baland tutadi. Uning o'yini tezlik, keskinlik, ishonch va tug'ma «yirtqich» instinkt uyg'unligidir.

Madriddagi starti va jamoaga hozirdanoq ko'rsatayotgan ta'siri shuni anglatadiki, «Oltin to'p» uning uchun shunchaki ehtimol emas — yaqqol ko'zga tashlanayotgan maqsad. Jude Bellingem («Real Madrid») Bellingem — universal asbobdek ishlaydigan noyob tipdagi futbolchi.

U hujumni tezlashtiradi, ikkinchi to'lqin sifatida jarima maydoniga yorib kiradi, pressingda kuchli, himoyada ham, raqib jarima maydonida ham ulguradi. Eng muhimi, u har bir o'yinni go'yo nimanidir isbotlash uchun so'nggi imkoniyatdek yuqori hissiyot bilan o'tkazadi.

«Real»ga kelishi bilan u darhol markaziy figuraga aylandi: nafaqat gol urdi, balki eng og'ir uchrashuvlarda jamoani ortidan ergashtirdi. Uning jismoniy qudrati, texnikasi va o'ziga ishonchi sardorlikka munosib obraz yaratadi.

Universal yarim himoyachilar kam uchraydi, hujumchi ko'rsatkichlarini ham beradigan universal yarim himoyachi esa haqiqiy boylik. Shu bois ingliz futbolchisining bosh individual mukofot uchun imkoniyati juda yuqori.

Vitinya («PSJ») Vitinya uzoq vaqt «PSJ»dagi balandroq nomlar soyasida qolib ketdi, ammo asta-sekin jamoani «suvda ushlab turadigan» futbolchilardan biriga aylandi. U barqaror, texnik, doimiy ravishda o'sishda va bir nechta rolda birday samarali o'ynay oladi.

Bu — keskin sakrashlarsiz, ammo ortga chekinishsiz izchil taraqqiyot namunasi. Agar u hal qiluvchi o'yinlarda sifatli sakrash qilsa, «PSJ» hamda Portugaliya terma jamoasi sovrinsiz qolmasa, u «Oltin to'p» uchun real nomzod sifatida tilga olinishi mumkin.

Pedri («Barselona») Pedri — boshqa «modda»dan yaratilgandek futbolchi. U jismonan hukmronlik qilmaydi, shou uchun shou qilmaydi, e'tibor markaziga intilmaydi.

Biroq to'p uning oyog'ida bo'lsa, o'yin boshqacha tus oladi: ravon, aqlli va tuzilmali. U go'yo kelajakni oldindan ko'rgandek, bir soniyadan keyin paydo bo'ladigan nuqtaga pas uzatadi.

«Barselona»da Pedri ancha vaqtdan beri jamoaning miyasi. Biroq dunyo hali uning to'liq piki — jarohatlarsiz, cheklovlarsiz davrini ko'rgani yo'q.

U markaziy chiziqda asosiy figuradir. Agar aynan o'sha eng yuqori cho'qqi boshlangan taqdirda, Pedri individual taxt uchun bemalol kurashadi: futbol hanuz o'yinni chiroyli qiladigan, jamoaga sifat olib kiradigan ijrochilarni qadrlaydi, buni faqat «raqamlar» bilan o'lchamaydi.

Xulosa Futbol allaqachon yangi davrda yashamoqda: Messi va Ronaldu zamoni tarixga aylanib, diqqat markaziga yangi yulduzlar chiqdi. Holand, Yamal, Mbappe, Bellingem, Pedri va Vitinya — shunchaki istiqbolli ism emas, balki estafetani qo'lga olib, futbolni ishonch bilan oldinga yetaklayotgan shakllangan avlod vakillari.

Ularning uslubi, qarorlari va jamoalarga ta'siri zamonaviy o'yinning poydevoriga aylangan. Har biri o'z ampluasidagi futbolchi qanday bo'lishi kerakligi haqidagi tasavvurni yangilamoqda, bugun esa bu oltilikdan birortasisiz muhim uchrashuvni tasavvur qilish qiyin.

Eng qizig'i, ularning oldinda hali butun bir faoliyat yo'li bor: 2026-yilgi jahon chempionati, Chempionlar ligasining yangi mavsumlari, milliy chempionatlarda chempionlik poygalari — bularning bari ular avlod peshqadamligi maqomini tasdiqlaydigan maydon bo'ladi. Ulardan biri «Oltin to'p»ni ko'targanida, bu kutilmagan hodisa emas, balki hozirdanoq boshlab bosib o'tilayotgan yo'lning mantiqiy yakuni bo'ladi.

Ruslan Kivruk
Futbol haqiqatlari, Erling Holand, Kilian Mbappe, Jude Bellingem, Barselona yulduzlari
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing