Navoiy davlat universitetida pora olish holati aniqlandi

Navoiy viloyatida oliy ta’lim muassasasi mansabdor xodimining korrupsion harakatlariga chek qo‘yildi. Korrupsiyaga qarshi kurashish doirasida Davlat xavfsizlik xizmatining Navoiy viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi.
Ma’lum qilinishicha, Navoiy davlat universitetining mansabdor xodimi ushbu ta’lim muassasasining o‘quv xonalarini ta’mirlash ishlarini amalga oshirgan mas’uliyati cheklangan jamiyatga xizmat haqi sifatida to‘lanishi lozim bo‘lgan 189 million so‘m pul mablag‘ini MCHJ hisob raqamiga o‘tkazib berish evaziga ta’magirlik yo‘li bilan 35 million so‘m olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Tezkor tadbir davomida uning noqonuniy harakatlari to‘liq fosh etilgan. Hozirda ushbu mansabdor shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Ayni paytda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ta’kidlanishicha, mazkur shaxs muqaddam ham sudlangan bo‘lishiga qaramay, o‘z xatosidan to‘g‘ri xulosa chiqarmagan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar korrupsiyaga qarshi kurash choralari qat’iy davom ettirilishini bildirmoqda.