Eldor Shomurodov Turkiya Superligasida yetakchi yulduzga aylandi

So‘nggi yillarda Turkiya Superligasi Yevropa maydonlarida o‘z nomini chiqargan taniqli futbolchilar uchun jozibador manzilga aylandi. Chempionatda ishtirok etayotgan 18 ta jamoaning deyarli barchasi tarkibida mashhur yulduzlar bor. Bu holat liganing raqobatbardoshligini oshirib, muxlislar qiziqishini yanada kuchaytirmoqda.
Yangi mavsum oldidan ana shunday yulduzlar safini o‘zbekistonlik hujumchi Eldor Shomurodov ham to‘ldirdi. Qariyb besh yil davomida Italiya chempionatida to‘p tepgan tajribali futbolchi hozirda “Istanbul Bashakshehir” jamoasining asosiy figurasi, yetakchisi va eng samarali to‘purari sifatida tan olinmoqda. 30 yoshli hujumchimiz Turkiya chempionatida to‘purarlar poygasida yana peshqadamlikka chiqqani uning naqadar yuqori formada ekanini ko‘rsatadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, “Bashakshehir” Shomurodovni “Roma”dan bir mavsumga ijaraga olish uchun Italiya klubiga 3 million yevro to‘lagan. Qizig‘i shundaki, bu summa jamoadagi ko‘plab futbolchilarning to‘liq transfer qiymatidan ham yuqori. Jamoa tarkibida dunyoning 13 ta davlatidan kelgan legionerlar bor bo‘lsa, O‘zbekistondan ikki nafar futbolchi ishtirok etmoqda.
Shomurodov nafaqat klubda, balki O‘zbekiston milliy terma jamoasida ham Abbosbek Fayzullayev bilan birga hujum chizig‘ining asosiy kuchini tashkil etmoqda. “Bashakshehir” 16-turdan keyin jami 22 ta gol urgan bo‘lsa, shularning 11 tasi aynan Eldor hissasiga to‘g‘ri keladi. Ya’ni jamoa gollarining teng yarmi uning nomi bilan bog‘liq.
Yana bir ahamiyatli jihat — jamoa ro‘yxatidan o‘rin olgan 29 nafar futbolchi orasida Shomurodov chempionat boshidan beri o‘tkazilgan 16 ta uchrashuvning barchasida maydonga tushgan yagona o‘yinchi hisoblanadi. U Turkiya chempionatidagi ilk golini “Beshiktosh” darvozasiga urgan bo‘lsa, birinchi va hozircha yagona dublini “Antalyaspor”ga qarshi bahsda qayd etgan.
Eldorning gollari “Bashakshehir”ga to‘rtta g‘alaba va bitta durang keltirib, jami 20 ochkodan 13 tasini ta’minladi. U Superligada duch kelgan 16 ta jamoadan o‘ntasining darvozasini ishg‘ol qilishga muvaffaq bo‘ldi. Hozirda uning transfer qiymati 5 million yevro deb baholanmoqda va bu ko‘rsatkich bilan u jamoadagi eng qimmat o‘yinchilar qatorida.
Statistikaga nazar tashlasak, Shomurodov Superligada 1407 daqiqa o‘ynab, 11 ta gol urgan. Bu degani, u o‘rtacha har 128 daqiqada bittadan gol urayotgan samarali hujumchi hisoblanadi. “Bashakshehir” esa uning faoliyatidagi sakkizinchi klubdir.
Umuman olganda, Eldor Shomurodov klublar darajasida barcha turnirlarda 366 ta uchrashuv o‘tkazib, 75 ta gol va 41 ta golli uzatma muallifi bo‘lgan. Shu bilan birga, u faoliyati davomida 21 ta sariq va bitta qizil kartochka olgan. Eng muhimi, Eldor O‘zbekiston milliy terma jamoasi tarixidagi eng sermahsul to‘purar sifatida nom qozongan. U 88 ta xalqaro uchrashuvda 43 ta gol urib, har bir goli bilan yangi rekord o‘rnatib kelmoqda.
Qisqasi, Turkiya Superligasida Eldor Shomurodov nafaqat o‘z klubi, balki butun chempionatning eng yorqin figuralaridan biriga aylanib ulgurdi. Muxlislar esa undan yanada ko‘p gollar va katta yutuqlar kutishmoqda.
Eldor Shomurodov, Turkiya Superligasi, O‘zbekiston milliy, Bashakshehir jamoasi, Italiya chempionati