
777 raqamlari odatda ko‘pchilik tomonidan omad va muvaffaqiyat ramzi sifatida qabul qilinadi. Ammo hayotda bu raqam har doim ham kutilgan natijani bermasligi ma’lum bo‘ldi.
Farg‘ona shahrida istiqomat qiluvchi fuqarolardan biri avtomashinasiga moddiy farovonlik va omad belgisi sifatida 777 davlat raqamini o‘rnatgan. Biroq bu holatda omad unga yor bo‘lmadi. Sababi — soliq to‘lovlari bo‘yicha mavjud qarzdorliklar o‘z vaqtida qoplanmagan.
Ma’lum qilinishicha, mazkur avtotransport vositasi Davlat soliq qo‘mitasi foydasiga yirik miqdordagi qarz sabab qidiruvga berilgan. Farg‘ona viloyatida o‘tkazilayotgan reyd tadbirlari davomida Byuroning viloyat boshqarmasi qidiruv sho‘basi tomonidan avtomashina aniqlanib, Majburiy ijro byurosi Farg‘ona shahar bo‘limi xodimlari tomonidan jarima maydoniga olib qo‘yildi.
Shu tariqa, “omad ramzi” hisoblangan 777 raqami bu safar o‘z egasini qarzdorlik oqibatlaridan qutqara olmadi.
Farg‘ona viloyati, Davlat soliq qo‘mitasi, Moddiy farovonlik, Majburiy ijro byurosi, Omad ramzi