O‘zbekiston orqali Rossiya gazi tranziti bo‘yicha kelishuv imzolandi

Qozog‘istonning «QazaqGaz» davlat kompaniyasi va O‘zbekistonning «O‘ztransgaz» korxonasi mamlakat hududi orqali gaz tranzitini amalga oshirish bo‘yicha rasmiy kelishuvga erishdi. Bu haqda «QazaqGaz» matbuot xizmati ma’lum qildi. Hujjat ikki tomon o‘rtasidagi energetik hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishi ta’kidlanmoqda.
Ma’lum qilinishicha, shartnomani O‘zbekiston tomonidan «O‘ztransgaz» boshqaruv raisi vazifasini bajaruvchi Asqar Isoqov, Qozog‘iston tomonidan esa «QazaqGaz» boshqaruv raisi Alibek Jamauov imzolagan. Tomonlar ushbu kelishuv gaz yetkazib berish zanjirida barqarorlikni ta’minlashga xizmat qilishini qayd etmoqda.
Rasmiy bayonotda ta’kidlanishicha, shartnomaning imzolanishi gazni uzluksiz va ishonchli tarzda tashish bo‘yicha avval erishilgan kelishuvlarni mustahkamlaydi. Shuningdek, u gaz transporti sohasidagi o‘zaro hamkorlikni yanada chuqurlashtirib, mintaqaviy energetika infratuzilmasining ishonchliligini oshirishga xizmat qiladi. Ayniqsa, kuz-qish mavsumini barqaror o‘tkazishda mazkur bitim muhim ahamiyat kasb etadi.
Qozog‘iston Energetika vaziri Yerlan Akkenjenov ushbu shartnoma mazmuniga oydinlik kiritib, gap Rossiya tabiiy gazining tranziti haqida ketayotganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi kelishuv mavjud hajmlarni saqlab qolish bilan cheklanib qolmasdan, kelajakda tranzit imkoniyatlarini kengaytirishni ham nazarda tutadi.
«Bu Rossiya gazining tranziti hisoblanadi. Umuman olganda, biz tranzit hajmini yiliga 8,4 milliard kub metrgacha oshirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqdamiz», — dedi vazir jurnalistlar bilan uchrashuv chog‘ida.
Mutaxassislar fikricha, mazkur kelishuv O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi strategik energetik hamkorlikni mustahkamlash barobarida, butun Markaziy Osiyo mintaqasida gaz ta’minoti barqarorligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu orqali tranzit yo‘laklarining samaradorligi oshadi va mavsumiy xavflar kamayadi.
QazaqGaz kompaniyasi, O‘ztransgaz korxonasi, Energetik hamkorlik, Gaz tranziti, Markaziy Osiyo