O‘zbekiston mundialni tarixiy «Atsteka»da Kolumbiyaga qarshi boshlaydi

O‘zbekiston milliy terma jamoasi Jahon chempionatidagi ilk uchrashuvini Kolumbiya terma jamoasiga qarshi o‘tkazadi. Qayd etilishicha, tarixiy bellashuv 2026 yil 17 iyun kuni Mexiko shahrida joylashgan mashhur “Mexico City” stadionida bo‘lib o‘tadi. Uchrashuv mahalliy vaqt bilan soat 07:00da start oladi.
Mexiko shahri Amerika qit’asidagi eng qadimiy va nufuzli shaharlardan biri sanaladi. U nafaqat tarixiy me’morchiligi, balki futbol madaniyati bilan ham dunyoga mashhur. Ayni paytda poytaxt aholisi 22,2 million nafardan ortiq bo‘lib, bu uni dunyodagi eng yirik megapolislar qatoriga qo‘yadi.
Uchrashuv bo‘lib o‘tadigan “Mexico City” stadioni esa futbol olamida “Atsteka” nomi bilan tanilgan. U dunyo futboli tarixida alohida o‘rin tutadigan arenalardan biri hisoblanadi. Mazkur stadion FIFA Jahon chempionatini uchinchi bor qabul qilayotgan ilk stadion sifatida tarixga kirgan.
“Atsteka” devorlari mundial tarixidagi eng ulug‘ lahzalarga guvoh bo‘lgan. Aynan shu maydonda Pele va Diyego Maradona kabi futbol afsonalari Jahon chempionati finallarida g‘alaba qozonib, o‘z nomlarini abadiylikka muhrlab ketishgan. Bu esa ushbu arenani nafaqat sport inshooti, balki futbol ramziga aylantirgan.
O‘zbekiston terma jamoasi uchun esa bu o‘yin tarixiy ahamiyatga ega. Ilk mundial bahsini shunday ulug‘ maydonda, kuchli raqibga qarshi o‘tkazish futbolchilar uchun ham, muxlislar uchun ham unutilmas voqea bo‘lishi shubhasiz. Endi barcha e’tibor — milliy jamoaning tayyorgarligi va maydonda qanday o‘yin namoyish etishida.
O‘zbekiston terma jamoasi, Jahon chempionati, Mexiko shahri, Atsteka stadioni, Futbol madaniyati