Son Hyon Min keyingi mavsumda ham "Los-Anjeles"da qoladimi?

33 yoshli tajribali hujumchi Son Hyon Min atrofida oxirgi haftalarda tarqalgan mish-mishlar muxlislarni biroz hayajonlantirgandi. Ayniqsa, uning yanvar oyida MLSdagi mavsum yakunlangach «Los-Anjeles»ni qisqa muddatga tark etib, Yevropaga yoki Osiyoga qaytishi mumkinligi haqidagi xabarlar keng muhokama qilindi.
Biroq koreyalik yulduz barcha savollarga nuqta qo‘ydi — u o‘z klubini tark etish niyati yo‘qligini ochiq aytib, jamoasiga bo‘lgan sadoqatini yana bir bor namoyon qildi. Uning ta’kidlashicha, barcha fikr-u e’tibori aynan "Los-Anjeles"dagi faoliyatiga qaratilgan va u bu yerda qurilayotgan yangi, raqobatbardosh jamoaning muhim qismi bo‘lib qolishni xohlaydi.
Sonning qolishi klub rejalariga ham mos tushadi. «Los-Anjeles» kelasi mavsumda kuchli tarkib shakllantirishni maqsad qilgan, shu bois yetakchi futbolchining jamoada qolishi strategiyaning asosiy bo‘g‘iniga aylangan.
Uning o‘tgan mavsumdagi ko‘rsatkichlari ham bunga munosib asos: 12 ta o‘yin, 10 ta gol va 4 ta golli uzatma — bu daraja nafaqat MLS, balki Yevropada ham yuqori baholanadigan statistika.
Aytish joizki, avvalroq «Barselona»ning Sonni qisqa muddatga ijaraga olish istagi haqida xabarlar chiqqandi. Ammo o‘sha mish-mishlar endi rasman inkor qilindi — Sonning o‘zi ham, klub rahbariyati ham undan ketishni kutmayotganini bildirdi.
Shu tariqa, koreyalik yulduz kelasi mavsumda ham «Los-Anjeles» safida bo‘lib, yangi sport maqsadlariga yo‘nalish olgan holda ishini davom ettiradi. Muxlislar esa undan yana ko‘proq gollar, yanada yorqin o‘yin va yangi rekordlar kutmoqda.