00:41 / 19.11.2025
1 232

Kannavaro finalda Eron mag‘lub etilgan o‘yin haqida nimalar dedi?

Kannavaro finalda Eron mag‘lub etilgan o‘yin haqida nimalar dedi?

O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Eronga qarshi final uchrashuvidan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumanida jamoa namoyish etgan iroda, taktik yondashuv va ichki muhit haqida batafsil fikr bildirdi. Italyan mutaxassisi g‘alabani oson kelmagan, lekin munosib mehnat natijasi sifatida baholadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, finalda Eron kabi Osiyoning eng kuchli termalaridan biriga qarshi maydonga chiqish doim ham o‘ta mas’uliyatli va talabchan vaziyat hisoblanadi. Birinchi bo‘limda o‘yin nazorati o‘z qo‘llarida bo‘lganini, bir nechta yaxshi imkoniyatlar yaratilganini, ammo ularni golga aylantirishga muvaffaq bo‘lmaganini aytib o‘tdi.

Kannavaro ayniqsa ikkinchi taymdagi o‘yinni alohida ta’kidladi: jamoa gol urilmasa, voqealar rivoji murakkablashishi mumkinligini yaxshi anglagan. Shu bois, hujumda tezkorlikni oshirishga harakat qilingan. Biroq raqib darvozasi oldida xavfli vaziyatlar kam bo‘lgan, shu bilan birga o‘z darvozamizni himoya qilishda deyarli xatolar qilinmagan.

Qizil kartochkadan keyin bo‘lgan bosimni Kannavaro “juda og‘ir sinov” deb atadi. Bir kishi kam bo‘lgan holda raqibga yo‘l bermaslik — jamoaning mental barqarorligi, xarakter va ishtiyoqining yaqqol isboti ekanini alohida ta’kidladi.

U Eron termasi haqida ham iliq fikr bildirdi: ularning tarkibi kuchli, murabbiylar shtabi tajribali, bunday jamoaga qarshi o‘ynashda xato qilishga umuman yo‘l yo‘q.

Kannavaro o‘z taktik qarashlariga katta o‘zgarish kiritish niyati yo‘qligini, mavjud o‘yinni yaxshilash, muvozanatni saqlash va ayrim vaziyatlarda yuqori pressingdan foydalanish bo‘yicha ish olib borilayotganini aytdi. Terma jamoadagi ichki muhitni “a’lo darajada” deb atadi va futbolchilar har bir mashg‘ulotda zavq bilan, yuqori kayfiyatda ishlayotganini tan oldi.

Shu bilan birga, ba’zi futbolchilarning jismoniy holati sezilarli ravishda pasayganini ham yashirmadi. Chempionatning yil oxirida yakunlanishi, bir qator o‘yinchilarning Yevropaga ketishi ayni shu jihatni murakkablashtirayotganini bildirdi.

Penaltilar mavzusida esa Kannavaro o‘ziga xos yondashuvni qo‘llagan: Misrga qarshi o‘yindan avval ham, kecha ham bu yuzasidan mashg‘ulotlar bajarilgan, qaysi futbolchi bosim ostida yaxshiroq penalti ijro eta olishini kuzatib, finalda tanlov shu asosda qilingan.

U Oston O‘runov haqida ham fikr bildirdi. "Persepolis"ning sharoiti, jismoniy jihatdan o‘sish imkoniyatlari yaxshi ekanini aytdi. Biroq O‘runovning ba’zi o‘yinlarda 45 daqiqadan keyin tushib ketishi muammo ekanini yashirmadi. Unga o‘yindan zavq olishni, bir o‘yinda yuqori saviyada, keyingi bahsda sust o‘ynashdan qochish lozimligini o‘zi qilgan suhbatda ta’kidlaganini aytdi.

Jaloliddin Masharipov haqida gapirarkan, u mashg‘ulotlarga kirishgani, yugurishni boshlagani, agar jarohati ruxsat berganida, bu turnipda ham yordam bera olishini aytib o‘tdi. Umidlar mart oyiga qaratilgan — o‘shanda barcha asosiy futbolchilar sog‘lom holatda yig‘inga kelishini xohlaydi.

Yanvar oyida mahalliy futbolchilar bilan yig‘in bo‘lishi rejalashtirilgan. Kannavaro yoshlarga imkoniyat berish niyati borligini, ularni kuzatish va sinovdan o‘tkazish muhimligini ta’kidladi. Terma jamoa uchun har bir futbolchi qiymatli, deb hisoblaydi.

Murabbiyning ushbu bayonoti jamoa ichida ishonch, barqaror muhit va rejali ta’limot shakllanayotganini yana bir bor ko‘rsatdi.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing