Dunyo megapolislari iqlim xaritasida: Toshkent qayerda joylashgan?

Dunyo bo‘ylab yirik megapolislar turli iqlim sharoitlarida hayot kechiradi. Ayrim shaharlarda yil davomida issiq va nam havo hukm sursa, boshqalarida quruqlik yoki sovuq ustunlik qiladi. Yaqinda tayyorlangan infografika ana shu farqlarni yaqqol namoyon etib, yirik shaharlarni harorat va yog‘ingarchilik ko‘rsatkichlariga qarab to‘rtta asosiy iqlim guruhiga ajratdi.
Infografika mualliflari tahlilga dunyoning 74 ta yirik shahrini kiritgan. Climate-Data.org manbasi asosida har bir shaharning o‘rtacha yillik harorati hamda yil davomida yog‘adigan yog‘ingarchilik miqdori hisoblab chiqilgan. Natijada shaharlar iqlim xususiyatlariga ko‘ra aniq tizimga solingan.
Diagramma to‘rtta asosiy qismdan iborat: quruq va issiq, nam va issiq, quruq va sovuq, shuningdek nam va sovuq. Vertikal o‘q shaharning o‘rtacha yillik haroratini ko‘rsatsa, gorizontal o‘q yillik yog‘ingarchilik hajmini aks ettiradi. Shu orqali har bir megapolisning iqlimdagi “o‘rni”ni aniq ko‘rish mumkin.
Tahlil natijalariga ko‘ra, yirik shaharlar orasida eng kam sonlisi “nam va sovuq” guruhiga to‘g‘ri kelgan. Bu kvadrantdagi eng sovuq megapolis sifatida Islandiya poytaxti Reykyavik qayd etilgan. U yerda yil davomida harorat past, yog‘ingarchilik esa nisbatan yuqori bo‘ladi.

“Quruq va sovuq” toifasida o‘rtacha harorati eng past shahar sifatida Moskva ko‘rsatilgan. Qiziq jihati shundaki, Yevropa shaharlarining katta qismi aynan shu iqlim guruhiga joylashgan. Bu mintaqada qishlar sovuqroq, yoz esa ko‘pincha quruq o‘tadi.
Infografikada Toshkent nuqtasi pastki chap qismda — “quruq va sovuq (DRY-COLD)” kvadrantida joy olgan. U “issiq–sovuq” chegara chizig‘idan sal pastroq turgani sabab, poytaxtimizning o‘rtacha yillik harorati taxminan 13–14°C atrofida ekani ko‘rinadi. Yog‘ingarchilik esa yiliga o‘rtacha 50–55 santimetrni, ya’ni taxminan 540 millimetrni tashkil qiladi.
Bu joylashuv Toshkent iqlimi quruqroq kontinental xususiyatga ega ekanini anglatadi. Yoz fasli odatda issiq va kam yog‘inli bo‘lsa, qish mavsumi salqin yoki sovuq kechadi. Yog‘ingarchilik “nam” shaharlarga nisbatan kamroq bo‘lgani uchun Toshkent “quruq” tomonda, yillik o‘rtacha harorat juda yuqori emasligi sabab “sovuq” qismida tasniflangan.
AQSH shaharlari esa asosan diagrammaning quruq qismida joylashgan bo‘lib, ular ham sovuq, ham issiq kvadrantlarda tarqalgan. Quruq hududdagi eng issiq megapolis sifatida Sudan poytaxti Xartum ko‘rsatilgan. Bu shaharda o‘rtacha yillik harorat taxminan 30°C ga yetadi.
Ushbu infografika shaharlarning iqlim sharoitini solishtirish, global iqlim farqlarini tushunish va kelajakda shahar muhiti qanday shakllanishini anglash uchun muhim manba sifatida baholanmoqda.