08:16 / 18.11.2025
2 325

Eron yulduzi final oldidan O‘zbekistonni hurmat bilan e’tirof etdi

Xabaringiz bor, bugun Fabio Kannavaro rahbarligidagi O‘zbekiston milliy terma jamoasi xalqaro o‘rtoqlik turnirining hal qiluvchi bellashuvida Eron bilan finalga chiqadi. Musobaqaga katta qiziqish ortib borayotgan bir paytda, Eron termasi yarimhimoyachisi Muhammad Mahdiy Mohebi ham ushbu muhim to‘qnashuv borasida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Uning ta’kidlashicha, finalga yo‘l olish — jamoa uchun katta sharaf. Mohebi bu bosqichga chiqishni Allohning inoyati deb baholar ekan, ko‘pchilik finalda Misrni kutganini, ammo O‘zbekistonning o‘yini va natijasi bunga munosib javob bo‘lganini e’tirof etdi. «O‘zbekiston ham finalga to‘laqonli ravishda loyiq edi. Ularning ruhiyati, tayyorgarligi va o‘yin uslubi buni to‘liq isbotladi», — deydi u.

Mohebi o‘z fikrlarida SAFA musobaqasida sodir bo‘lgan bahsli vaziyatni ham eslab o‘tdi. Unga ko‘ra, o‘sha voqea bir marta ro‘y berishi mumkin bo‘lgan holat bo‘lib, finalda bunday xatolar takrorlanmasligi muhim. «Esingizda bo‘lsa, o‘sha uchrashuvning beshinchi daqiqasidayoq qizil kartochka olgan edik. Bu o‘yin taqdiriga katta ta’sir qilgan bo‘lishiga shubha yo‘q. Umid qilamanki, bu gal bizning maqsadimiz — chempionlikka erishamiz», — deya ta’kidladi u.

Shuningdek, futbolchi ikki oy davomida jarohat sabab maydondan chetda qolganini bildirib, bu payt muqim tayyorgarlik va ruhiy barqarorlik talab etganini aytdi. «Ko‘pchilik mening jarohat bilan yurganimdan bexabar edi. Lekin o‘sha og‘ir davr ortimda qoldi. Hozir to‘liq jismoniy formadaman va jamoaga yana qo‘shildim. Murabbiy Amir G‘alenoyining ishonchi men uchun katta ma’no anglatadi. Bu ishonchni o‘yinim bilan oqlashni istayman», — dedi u.

Mohebi jarohatdan keyin intensiv mashg‘ulotlar orqali formaga kirganini va jamoa bilan to‘liq tayyorgarlik olib borganini ham aytib o‘tdi. Uning fikricha, Eron termasi to‘liq tarkibga yaqin holda finalga kirib kelmoqda, ammo ba’zi yetakchilarning yo‘qligi seziladi. «Albatta, Sardor Azmun, Mehdi Taremi va Alirizo Jahonbaxsh kabi yirik figuralar hozir yo‘q. Ular qaytganda, jamoamizning o‘yini yanada yaxshilanadi. Futbolchilarimiz jarohat olmasin — eng muhimi shu», — deya qo‘shimcha qildi u.

Eron termasi a’zosining ushbu fikrlari muxlislar uchun final oldidan qiziq ma’lumot bo‘ldi. Umid qilamizki, bugungi o‘yin ikki jamoa uchun ham o‘z potensialini ko‘rsatish imkoniga aylanadi va muxlislar kuchli, mazmunli va mardonabop futbolni tomosha qilishadi.


O‘zbekiston Termasi, Eron Termasi, Xalqaro Turnir, Futbol Finali, Muhammad Mohebi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing