O‘zbekistonning Misr ustidan g‘alabasini xorijda qanday baholashdi?

Birlashgan Arab Amirliklarida o‘tkazilayotgan Al-Ain International Cup–2025 musobaqasi O‘zbekiston milliy terma jamoasi uchun juda muvaffaqiyatli boshlandi. Jahon chempionatida ishtirok etuvchi to‘rt kuchli terma — O‘zbekiston, Misr, Kabo-Verde va Eron o‘rtasida kechayotgan ushbu nufuzli turnirda Fabio Kannavaro shogirdlari ilk uchrashuvni ishonchli g‘alaba bilan yakunladi.
Milliy jamoamiz birinchi turda Afrika qit’asining yetakchi jamoalaridan biri, Muhammad Saloh boshchiligidagi Misrga qarshi maydonga tushdi va raqibni 2:0 hisobida mag‘lub etdi. Bellashuvning har ikki goliga mahoratli yarim himoyachi Oston O‘runov mualliflik qildi. Uning faol hujumlari va yuksak texnik mahorati raqib himoyachilarini bir necha bor mushkul holatga soldi.
Rossiyalik futbol tafsirchilari ham bu o‘yinga o‘z bahocini berdi
Sport jurnalisti Aleksandr Troitskiyning fikricha, O‘zbekiston ushbu bellashuvda natijani yanada yirikroq hisob bilan hal qilishi mumkin edi. Uning ta’kidlashicha, birinchi bo‘limning o‘zida hisobni katta farq bilan ochish imkoniyatlari bo‘lgan. O‘runov tomonidan kiritilgan dubldan tashqari yana bir juda chiroyli zarba darvozabon tomonidan qaytarib yuborildi, Eldor Shomurodov esa ikkita qulay vaziyatdan foydalana olmadi.
Jurnalist Misr termasi haqida gapirar ekan, ularning himoyada jiddiy xatolarga yo‘l qo‘yganini qayd etdi. «Fabio Kannavaro qo‘l ostidagi O‘zbekiston termasi Srechko Katanes davriga nisbatan ancha erkin, kreativ va hujumkor o‘ynayotgani ko‘zga tashlandi. Ayniqsa, yuqori uzatmalarda, “ikkinchi qavatda” jamoaning harakatlari juda ishonchli ko‘rindi», — deydi Troitskiy.
Insayder Ivan Karpov esa Oston O‘runovning goliga alohida e’tibor qaratdi:
«O‘runov besh nafar misrlikni aldab o‘tdi va gol kiritdi. Uning harakatlari Misr uchun to‘xtatib bo‘lmaydigan darajada xavfli edi», — deya ta’kidlaydi mutaxassis.
Karpovning aytishicha, bu g‘alaba ikki jamoa ham JCH–2026 yo‘llanmasiga ega bo‘lganidan qat’i nazar, O‘zbekistonning bugungi tayyorgarlik darajasi va ruhiyati yaxshi holda ekanini ko‘rsatib turibdi. Misr himoyasini qiyin ahvolga solgan O‘runov, tezkor reydlari bilan raqibni bosim ostida ushlab turgan Shomurodov va maydon markazini takomillashtirgan yarim himoyachilar – barchasi bu o‘yinda o‘z ishini baland saviyada bajardi.
Endi esa eng muhim bahs oldinda
Eron birinchi uchrashuvda Kabo-Verde bilan golsiz durang qayd etdi va penaltilar seriyasida 5:4 hisobida g‘alaba qozondi. Bu ularning finalga chiqishiga imkon berdi. Demak, hal qiluvchi bellashuv aynan O‘zbekiston – Eron o‘rtasida kechadi.
Uchrashuv 18-noyabr kuni bo‘lib o‘tadi va bu bahs musobaqaning eng yorqin to‘qnashuvlaridan biriga aylanishi kutilyapti.
Futbol muxlislari O‘zbekiston termasi yangi tarixiy sahifalar ochish arafasida turganini his qilmoqda. Kannavaro boshchiligidagi jamoa har o‘yinda o‘zini yanada kuchli, ishonchli va mahoratli jamoa sifatida namoyish etmoqda.
Final oldidan butun mamlakatning kutgan umidlari bitta — g‘alaba.
O'zbekiston Termasi, Al- Ain Musobaqasi, Fabio Kannavaro, Oston O'runov, Misr Jamoasi