00:57 / 15.11.2025
1 319

Kannavaro O‘zbekistonning Misr mag‘lub etilgan o‘yini haqida nimalar dedi?

O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Misrga qarshi qimmatli g‘alabadan so‘ng matbuot anjumanida ishtirok etib, o‘yinga oid muhim fikrlarini bayon qildi. Italyan mutaxassis o‘z jamoasining harakatidan mamnunligini bildirib, o‘yinchilarning mehnati va intilishini alohida ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, futbolchilar to‘laqonli rivojlanish yo‘lida har kuni tinimsiz mehnat qilishmoqda va bu mehnat maydondagi harakatlarida yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Kannavaro, ayniqsa, Misr kabi yuqori saviyadagi futbolchilarga qarshi o‘ynash qanchalik qiyin bo‘lishini aytdi.

«Men o‘yinchilarim uchun juda mamnunman. Men termaga kelgan kundan buyon ular imkoniyatlari boricha harakat qilishyapti. Har kuni yangi narsalarni qabul qilishga va o‘yinni takomillashtirishga intilishyapti. Bugungi raqibimiz Misr — top darajadagi futbolchilarga ega jamoa. Ularga qarshi maydonga tushish oson emas, lekin jamoamiz o‘yinning ilk daqiqalariyoq diqqat bilan harakat qilishdi. Birinchi gol, ikkinchi gol, hatto to‘psiz vaziyatlarda ham barcha zonalarni yopib, jips o‘ynadik», — dedi Kannavaro.

Shu bilan birga, murabbiy jamoaning jismoniy tayyorgarligi borasida hali ham xavotirda ekanini yashirmadi. Uning ta’kidlashicha, barcha o‘yinchilar maydonda katta kuch sarflashmoqda va ushbu holatni yaxshilash jamoaning asosiy vazifalaridan biri bo‘lib qolmoqda.

O‘runovning holati haqida

Matbuot anjumanida Oston O‘runovning Eronga qarshi finalda maydonga tushishi masalasi ham o‘rtaga tashlandi. Kannavaro bu borada aniq javob bermadi:

«Bilmadim (kuladi). Oston juda charchagan edi. U maydonda qo‘lidan kelgan barcha narsani qildi. Jarohatdan qaytganiga ko‘p bo‘lmagani uchun hali jismoniy holatini kuchaytirish kerak», — dedi murabbiy.

Eronga qarshi final haqida

Kannavaro finaldagi raqib — Eron haqida ham fikr bildirdi:

«Eron — Osiyodagi eng kuchli jamoalardan biri. Biz ularni juda hurmat qilamiz. Ammo finalga bir maqsad bilan chiqamiz — raqibga muammo yaratish. Biz ularga qiyinchilik tug‘dira olishimizga ishonaman», — dedi u.

Muhammad Salohni nazorat qilish rejasi bormi?

Murabbiydan jamoaning himoyasi va Salohga qarshi taktika haqida ham so‘rashdi. Kannavaro bu borada ochiq gapirdi:

«Muhammad Salohni to‘liq qo‘riqlashning iloji yo‘q. Lekin bunday darajadagi futbolchilarning imkoniyatlarini cheklashga harakat qildik. Biz to‘psiz juda yaxshi ishladik. Biroq bu darajadagi jamoalarga qarshi bir-ikki zarba berishga ruxsat bersangiz, ular bu imkoniyatdan foydalanadi. Xavfli vaziyatlar bo‘ldi, lekin juda katta tahdidlar ko‘zga tashlanmadi. Bu men uchun muhim edi», — deya ta’kidladi Kannavaro.

Nega aynan O‘zbekiston?

Matbuot anjumanining eng qiziqarli savollaridan biri — Kannavaro nega O‘zbekiston terma jamoasini boshqarishni tanlagani haqida bo‘ldi.

«O‘zbekistonda qanday ish olib borilayotganini ko‘rdim. Yoshlarga katta e’tibor qaratishyapti, jamoa asosan mahalliy futbolchilarga tayanadi. Bu men uchun juda yoqimli va qiziqarli loyiha bo‘ldi. Shuning uchun aynan O‘zbekistonni tanladim», — dedi italyan mutaxassis.

Kannavaroning so‘zlaridan ko‘rinib turibdiki, jamoada ijobiy ruhiyat shakllangan, futbolchilar o‘zaro ishonch va yangi taktik yo‘nalishlarga shijoat bilan yondashmoqda. Endilikda barcha muxlislar 18-noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan finalni katta shavq bilan kutmoqda.


O‘zbekiston Terma, Fabio Kannavaro, Misr Jamoasi, Muhammad Saloh, Eron Final
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing