20:03 / 17.12.2025
1 977

Endilikda qaysi dorilar retseptsiz berilishini onlayn bilishimiz mumkin

O‘zbekiston aholisi endi dorixonaga shoshilmasdan, zarur dori vositasining retsept bilan yoki retseptsiz sotilishi haqida ma’lumotni bir necha soniya ichida aniqlab olishi mumkin. Bu imkoniyat My.gov.uz portali tomonidan ishga tushirilgan yangi va qulay servis orqali taqdim etildi.

So‘nggi oylarda dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish qoidalari qat’iylashtirilgani, ayrim preparatlarni retseptsiz berishga yo‘l qo‘ygan dorixonalar litsenziyadan mahrum qilinishi mumkinligi haqida ogohlantirilgan edi. Shu bois, aholi va farmatsevtlar o‘rtasida tushunmovchiliklar ko‘p uchrab kelayotgandi.

Endilikda My.gov.uz portalida ishga tushirilgan “Retsept asosida va retseptsiz beriladigan dori vositalari haqida ma’lumot” bo‘limi bu muammoga chek qo‘yishi kutilmoqda. Foydalanish tartibi esa juda sodda: kerakli dori nomini izlash oynasiga kiritish kifoya — tizim uning sotilish qoidasi bo‘yicha aniq va bepul ma’lumotni taqdim etadi.

Ma’lumki, hozirda poytaxt va yana 15 ta hududda “Elektron retsept” tizimi bosqichma-bosqich tatbiq etilmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi tasdiqlagan maxsus ro‘yxat asosida ayrim preparatlarning aylanishi katta nazoratga o‘tkazilgan. Yangi onlayn xizmat esa nafaqat aholiga qulaylik yaratadi, balki dori savdosida shaffoflikni oshirib, ortiqcha e’tiroz va tortishuvlarni ham kamaytirishi prognoz qilinmoqda.


O‘zbekiston aholisi, Dori vositalari, My.gov.uz portali, Elektron retsept, Sog‘liqni saqlash
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing