Hindistonda bosh vazir musulmon ayolning hijobiga aralashgani ortidan jiddiy muhokamalar markazida qoldi

Hindistonning Bihar shtatida bosh vazir Nitish Kumar rasmiy tadbir chog‘ida musulmon ayolning hijobiga aralashgani ortidan jiddiy tanqidlar markazida qoldi. The Independent xabar berishicha, tibbiyot xodimlariga tayinlov hujjatlari topshirilayotgan marosimda Nusrat Parvin ismli shifokor sahnaga chiqqan paytda Kumar uning hijobini ko‘rib “Bu nima?” deb so‘ragan va kutilmaganda hijobini pastga tortib yechishga uringan. Videoda ayolning dovdirab qolgani, o‘rinbosar esa vazirning qo‘lidan tortib harakatni to‘xtatishga uringani aks etgan.
Hodisa inson huquqlari tashkilotlari tomonidan ham qattiq qoralandi. Amnesti International rahbari Akar Patel buni “ayol qadr-qimmati va avtonomiyasiga qarshi ochiqcha tajovuz” deb atadi. Uning ta’kidlashicha, hech kim ayolning e’tiqodi yoki kiyinish uslubini nazorat qilish huquqiga ega emas.
Muxolifat partiyalari ham vazirni keskin tanqid qildi. Rashtriya Janata Dal vakillari Kumarning ruhiy holatiga shubha bildirgan bo‘lsa, Kongress partiyasi uni iste’foga chaqirdi va qilmishni “jirkanch va kechirib bo‘lmas” deb baholadi.
Ma’lumotlarga qaraganda, Nusrat Parvin ushbu voqeadan keyin davlat xizmatidan voz kechishni ham ko‘rib chiqmoqda.