
Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya nefti narxi bir barrel uchun 40 dollargacha pasaydi. Bu ko‘rsatkich Ukrainada urush boshlanganidan beri eng past daraja hisoblanadi.
Narxlarning keskin tushishi bir nechta omillar bilan bog‘liq. Avvalo, G‘arb davlatlarining Rossiya nefti savdosiga bosimi kuchaygan. Xususan, Rosneft va Lukoyl kompaniyalariga qarshi joriy etilgan yangi sanksiyalar eksportni qiyinlashtirmoqda. Shu bilan birga, jahon bozorida ham neft arzonlashmoqda — etalon xom neft narxi may oyidan beri ilk bor 60 dollardan pastga tushdi.
Bu holat Rossiya iqtisodiyoti uchun jiddiy oqibatlarga olib kelmoqda. Mutaxassislar hisob-kitobiga ko‘ra, hozirgi narxlar sharoitida Rossiya har kuni milliardlab dollar daromaddan mahrum bo‘lmoqda.
Ma’lumki, neft va gazdan tushadigan tushumlar Rossiya davlat byudjeti daromadlarining taxminan 25 foizini tashkil qiladi. Shu sababli narxlar va eksport hajmining pasayishi Kremlning moliyaviy imkoniyatlariga, jumladan, urushni moliyalashtirish salohiyatiga kuchli bosim o‘tkazmoqda.