22:21 / 17.12.2025
1 860

Qarorlar nega yoshlar atrofida aylanyapti? Chunki...

Bugun dunyo tez o‘zgaryapti. Raqobat kuchayyapti. Iqtisodiy resurslar emas, inson kapitali hal qiluvchi omilga aylanyapti. Ana shunday sharoitda yoshlar masalasi har bir davlat uchun strategik tanlovga aylanmoqda. Chunki yoshlar – bu faqat ertangi kun emas, bugungi qarorlarning ertangi natijasidir. Shu sabab mamlakatimizda yoshlarga qaratilayotgan e’tibor uzoqni ko‘zlab olinayotgan qarorlarning mantiqiy davomi.

Davlatimiz rahbari Markaziy Osiyo haqidagi maqolasida ham yoshlar masalasiga alohida to‘xtalgani ham bejiz emas. Markaziy Osiyo dunyoning eng yosh mintaqalaridan biri. Aholi soni 80 milliondan oshdi va katta qismi o‘ttiz yoshdan kichik, ya’ni yoshlar. Yaqin 2050 yilda 100 milliondan oshishi kutilyapti. Demak, yoshlar soni yanada ko‘payadi. Bu katta kuch, katta imkoniyat, bir vaqtning o‘zida katta mas’uliyat ham. Yoshlar ko‘p bo‘lgan joyda sifatli ta’lim, zamonaviy kasblar, texnologiyalar va o‘zini ro‘yobga chiqarish imkoniyatlariga talab ham yuqori bo‘ladi.

Bu yil Prezidentning yoshlar bilan ikki marta ochiq muloqot o‘tkazgani ham aynan shu mantiqiy zanjirning davomidir. Ayniqsa, 2025 yil 14-fevralda o‘tkazilgan ochiq muloqot yoshlar siyosatida yangi bosqichni boshlab berdi. O‘sha kunning o‘zidayoq yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, bitiruvchilarning ishga joylashishi va yoshlar bandligini ta’minlashga qaratilgan qarorlar (PQ–60, PQ–61 va PQ–62-son) qabul qilindi.

Yoshlar tashabbuslari uchun 400 million AQSH dollari ajratildi. Nega bunday keng ko‘lamli qo‘llab-quvvatlash kerak? Chunki ishsiz yosh – yo‘qotilgan imkoniyat. Bilimsiz yosh – kelajakdagi ijtimoiy xatar. Shu bois qabul qilingan qarorlar qat’iy nazorat bilan ijroga qaratildi.

Natijada 15 mingga yaqin yosh tashabbuskorga qariyb 2 trillion so‘m imtiyozli kredit ajratildi va 20 mingga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratildi. Bu raqamlar shunchaki statistika emas, minglab oilalar taqdiri, minglab yoshlarning jamiyatda o‘z o‘rnini topayotganidan dalolat.

Yoshlar siyosatida yana bir muhim masala bor – bilim. Bugun mehnat bozori faqat diplomni emas, ko‘nikmani talab qiladi. Ayniqsa, xorijiy tillarni bilish global iqtisodga chiqishning kalitiga aylangan. Shu sabab 2025 yil 8 oktyabrda Vazirlar Mahkamasining 632-son qarori bilan “2+6” formatidagi xorijiy tillarni o‘rganish dasturi joriy etildi. Unga ko‘ra, yoshlar avval 2 oylik o‘qish pulini o‘z hisobidan to‘laydi, keyingi 6 oylik o‘qish xarajatini davlat to‘lab beradi. Bu model intizomni ham, rag‘batni ham uyg‘unlashtiradi.

Dastur orqali 2030 yilga qadar 100 ming nafar yoshning xorijiy tillardan sertifikat olishi rejalashtirilgan. Bu raqam mamlakatning kelajak kadrlar zaxirasini anglatadi, xalqaro maydonda raqobatbardosh bo‘lish maqsadiga xizmat qiladi.

Yoshlar masalasiga e’tibor iqtisod va ta’lim bilan cheklanmaydi. Bu tabiiy. Bugun dunyo iqlim o‘zgarishi, ekologik muammolar oldida turibdi.

Hukumat qarori bilan Yoshlar ishlari agentligi huzurida “Yashil tashabbuslar”ni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etildi. Jamg‘arma har yili 10 mlrd so‘mgacha mablag‘ bilan yoshlarning ekologiya, yashil energiya va tabiatni muhofaza qilishga oid loyihalarini moliyalashtirishni ko‘zda tutadi.

Yoshlar siyosatida imkoniyatlar barcha uchun birdek ekaniga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, paralimpiya yo‘nalishida ham yangi qaror qabul qilinib, respublikadagi 39 ta davlat sport maktabi paralimpiya sport turlariga ixtisoslashtirilishi belgilandi. Bu bilan nogironligi bo‘lgan yoshlar sportda cheklangan muhitda emas, sog‘lom sport guruhlarida, raqobatli jamoalar bilan birga mashg‘ulot o‘tash imkoniga ega bo‘lmoqda. Bunday yondashuv jismoniy tayyorgarlik bilan birga, ijtimoiy moslashuvni ham kuchaytiradi.

Umuman olganda, bu ishlar, o‘zgarishlar mamlakat taraqqiyotining tabiiy ehtiyoji. Chunki yoshlar bugun ham, ertaga ham iqtisodiy o‘sish, ijtimoiy barqarorlik va innovatsion rivojning asosiy harakatlantiruvchi kuchi bo‘lib qoladi. Shu bois yoshlar siyosati mamlakatimizda alohida bir davr yoki kampaniya bilan cheklanib qolmaydi. U uzoq muddatli taraqqiyot strategiyasining izchil qismi sifatida ichki islohotlarda ham, tashqi muloqotlarda ham doim kun tartibida turadi. Yoshlarga qaratilayotgan e’tibor aynan shu izchillik va davomiylikni ta’minlashga qaratilgan.


Yoshlar siyosati, Markaziy Osiyo, Ta'lim islohotlari, Ekologik tashabbuslar, Paralimpik sport
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing