21:58 / 17.12.2025
1 510

Koinotda Yerga o‘xshash sayyoralar odatdagidan ko‘proqligi aniqlandi

Yerga juda o‘xshash, quruq va tosh tarkibli sayyoralar bor-yo‘g‘i noyob hodisa emasligi aniq bo‘ldi. Yangi ilmiy ish — Science Advances jurnalida chop etilgan tadqiqot hayot bor va yashash mumkin bo‘lgan olamlar koinotda o‘ylaganimizdanda ancha ko‘p ekanini ko‘rsatdi.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, bunday turdagi sayyoralarning shakllanishi yosh yulduzlar yaqinida yuzaga keladigan kuchli supernova portlashlarining tabiiy oqibati bo‘lishi mumkin. Olimlar ta’kidlashicha, Yer va Yerga o‘xshash boshqa sayyoralar asosan muz va tosh aralashmasidan iborat planetezimallardan hosil bo‘lgan. Ammo bu jismlar sayyoraga aylanishi uchun avvalo o‘z ichidagi katta qism suvni yo‘qotishi – “quruqlanish” jarayonidan o‘tishi zarur bo‘lgan.

Bu jarayonda qisqa umrli radioaktiv izotoplar, ayniqsa alyuminiy-26 parchalanishi natijasida paydo bo‘lgan issiqlik hal qiluvchi rol o‘ynagan. Meteoritlar tarkibida ham aynan shu izotoplar topilgani Quyosh tizimining ilk bosqichida uning mavjud bo‘lganini tasdiqlaydi.

Supernova juda yaqin portlasa – tizimni yo‘q qiladi. U holda qaysi mexanizm ishlagan?

Ilgarigi nazariyaga ko‘ra, bunday radioaktiv moddalar protoplanetar diskaga faqat yaqindagi supernova portlashi orqali tushishi mumkin degan fikr bor edi. Lekin muammo shundaki: portlash zarur miqdorda modda yetkazish uchun juda yaqin bo‘lishi kerak, lekin bu holda u butun disktni amalan parchalab yuboradi.

Tokio universiteti olimi Re Savaada va uning jamoasi yangi tushuntirish — “sho‘ng‘ish mexanizmi”ni taklif qildi. Unga ko‘ra, supernova Quyosh tizimidan taxminan 3,2 yorug‘lik yili masofada, ya’ni xavfsiz masofada portlagan. Portlash zarralarni tezlashtirib, ularni kosmik nurlar oqimiga aylantirgan.

Natijada radioaktiv moddalar protoplanetar diskaga ikki xil yo‘l bilan kirgan:

— temir-60 kabi izotoplar to‘g‘ridan to‘g‘ri chang zarralari orqali;

— alyuminiy-26 esa diskning o‘z ichida kosmik nurlar barqaror atomlar bilan to‘qnashishi natijasida hosil bo‘lgan. Bu mexanizm meteoritlarda topilgan element tarkibi bilan to‘liq mos keladi.

Tadqiqotchilarning bahosicha, Quyoshga o‘xshash yulduzlarning kamida 10–50 foizi shunga o‘xshash radioaktiv muhitda shakllangan bo‘lishi mumkin. Bu esa galaktikada suvi kam, lekin quriq va toshli — hayot uchun ehtimoliy mos sayyoralar ancha keng tarqalganligini anglatadi.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing