12:38 / 14.12.2025
5 631

Surxondaryoda bojxona xodimi pora bilan qo‘lga olindi

Surxondaryo viloyatida korrupsiyaga qarshi kurash doirasida navbatdagi keskin holat fosh etildi. Davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi hamda viloyat prokuraturasi hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Bojxona boshqarmasining Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limida faoliyat yurituvchi katta tezkor xodim ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur mansabdor shaxs fuqarodan noqonuniy ravishda 400 AQSH dollari olayotgan vaqtida qo‘lga olingan. Tergov jarayonida aniqlanishicha, u xizmat vakolatlaridan foydalanib, Termiz tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroning 20 ming AQSH dollarini tegishli deklaratsiya hujjatlarini rasmiylashtirmasdan, tanish-bilishlari orqali “Sariosiyo” chegara bojxona posti orqali Tojikiston Respublikasiga olib o‘tishni va’da qilgan.

Bu harakat orqali u qonun talablarini chetlab o‘tish, shuningdek, moliyaviy manfaat orttirishga uringani qayd etilmoqda. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan mazkur holat yuzasidan barcha dalillar yig‘ilib, tegishli protsessual choralar ko‘rilmoqda.

Ayni paytda ushbu shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi hamda 25, 211-moddasi 1-qismi asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.

Mazkur holat davlat organlarida qonun ustuvorligini ta’minlash, korrupsiyaga murosasiz munosabatni shakllantirish yo‘lida olib borilayotgan qat’iy chora-tadbirlar yana bir bor amaliy natija berayotganini ko‘rsatmoqda.


Korrupsiyaga qarshi, Surxondaryo viloyati, Davlat xavfsizlik xizmati, Jinoyat kodeksi, Sariosiyo bojxona posti
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing