10:45 / 16.12.2025
4 248

Noma’lum APK fayllardan ehtiyot bo‘ling: shaxsiy ma’lumotlar xavf ostida

So‘nggi kunlarda messenjerlar va ijtimoiy tarmoqlar orqali turli nomlar ostida tarqatilayotgan APK fayllar bilan bog‘liq firibgarlik holatlari ko‘paymoqda. Mutaxassislar bu kabi fayllar orqali foydalanuvchilarni aldash, shaxsiy ma’lumotlarni qo‘lga kiritish va moliyaviy xavfsizlikka jiddiy tahdid solish holatlari kuzatilayotganini ta’kidlamoqda. Bu haqda O‘zkomnazorat rasmiy ogohlantirish berdi.

Ma’lum qilinishicha, shubhali APK fayllar ko‘pincha inson qiziqishini uyg‘otadigan nomlar bilan tarqatilmoqda. Xususan, “Bayramga taklifnoma”, “Sening rasmlaring”, “Sud chaqiruvi” kabi sarlavhalar ostida yuborilayotgan fayllar foydalanuvchini shoshma-shosharlik bilan ularni ochishga undashi mumkin. Ammo bunday fayllar qurilmaga o‘rnatilgandan so‘ng telefondagi shaxsiy ma’lumotlarni o‘g‘irlashi, ijtimoiy tarmoq akkauntlariga ruxsatsiz kirishi yoki bank ilovalari orqali moliyaviy zarar yetkazishi ehtimoli yuqori.

Mutaxassislar fayl manbasi aniq va ishonchli bo‘lmagan taqdirda, uni ochmaslik va umuman o‘rnatmaslikni qat’iy tavsiya qilmoqda. Chunki hatto oddiy ko‘ringan ilova ham ortida xavfli dastur yashiringan bo‘lishi mumkin.

Agar shubhali APK fayl allaqachon qurilmangizga o‘rnatilgan bo‘lsa, quyidagi choralarni zudlik bilan ko‘rish tavsiya etiladi:

— internet aloqasini o‘chirish yoki telefonni parvoz rejimiga o‘tkazish;

— telefon sozlamalari orqali shubhali ilovani darhol o‘chirib tashlash;

— agar muammo saqlanib qolsa, qurilmani tekshirish uchun mutaxassisga murojaat qilish.

Shuningdek, foydalanuvchilarga xavfsizlikni ta’minlash maqsadida faqat rasmiy manbalar — ilova do‘konlari orqali dastur yuklab olish, noma’lum havolalardan kelgan fayllarni ochmaslik va telefondagi xavfsizlik sozlamalarini doimiy ravishda tekshirib borish tavsiya etilmoqda.

Mutaxassislar yana bir bor eslatmoqda: har qanday APK fayl potensial xavf manbai bo‘lishi mumkin. Shu bois, ehtiyotkorlik va ongli harakat — shaxsiy ma’lumotlaringizni himoya qilishda eng asosiy qoida hisoblanadi.


Ijtimoiy tarmoqlar, Shaxsiy ma'lumotlar, Moliyaviy xavfsizlik, APK fayllar, Rasmiy manbalar
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing