14:10 / 16.12.2025
2 853

Braunda halok bo‘lgan Muhammadaziz Umurzoqovning orzulari yarim yo‘lda qoldi

Braun universitetida sodir bo‘lgan otishma fojeasi nafaqat Amerika jamoatchiligini, balki O‘zbekistondagi minglab insonlarni ham chuqur qayg‘uga soldi. Ushbu fojiada halok bo‘lgan o‘zbekistonlik talaba Muhammadaziz Umurzoqovning hayot yo‘li, orzulari va inson sifatidagi qiyofasi haqida uning yaqinlari The New York Times nashriga yurakni titratarli xotiralar bilan so‘zlab berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, Umurzoqovlar oilasi 2011 yili O‘zbekistondan AQSHga ko‘chib kelgan. Hozirda oila Virjiniya shtatida yashab kelayotgan edi. Yaqinlarining ta’kidlashicha, Muhammadaziz bolaligidanoq yumshoq tabiatli, ochiqko‘ngil, atrofdagilarga nisbatan mehribon va hurmatli munosabatda bo‘ladigan yigit bo‘lgan. Uning tabassumli qiyofasi va tinch xarakteri ko‘pchilikning yodida qolgan.

Muhammadaziz Braun universitetini ongli ravishda tanlagan. Sabab — ushbu oliygoh taqdim etgan moliyaviy yordam oila uchun nisbatan yengilroq bo‘lgan. Yaqinlarining aytishicha, u ota-onasiga ortiqcha yuk bo‘lishni istamagan, mustaqil ravishda o‘qib, kelajakka ishonch bilan qadam qo‘yishni maqsad qilgan.

Uning bolalikdagi do‘sti Maddoks Jonson Muhammadazizning hayotida muhim iz qoldirgan voqeani eslab o‘tadi. Bolaligida u Chiari malformatsiyasi — miya va orqa miya suyuqligi o‘rtasida bosim yuzaga keladigan og‘ir kasallik bilan kurashgan. Ana shu sinov Muhammadaziz qalbida chuqur iz qoldirib, uning kelajak orzularini belgilab bergan.

Aynan shu tajriba Muhammadazizni nevroxirurg bo‘lish, xuddi o‘zi kabi og‘ir kasallikdan aziyat chekayotgan bolalarga yordam berish orzusi sari yetaklagan. U tibbiyotni faqat kasb emas, balki insonlarga umid ulashish yo‘li deb bilgan. “U hamma bilan yaxshi chiqishardi. Eng mehribon yigit edi. Agar kimgadir yordam kerak bo‘lsa, Muhammadaziz hech qachon chetda qolmasdi”, — deb eslaydi uning do‘sti.

Fojiadan bir necha kun oldin, Shukronalik kuni munosabati bilan bo‘lgan so‘nggi uchrashuvda Muhammadaziz universitetda orttirgan yangi do‘stlari, o‘qishi va kelajak rejalari haqida quvonch bilan gapirib bergan edi. Uning so‘zlarida hayotga ishonch, oldindagi kunlarga umid sezilib turgan.

Afsuski, yorqin orzular, ezgu niyatlar va insonlarga foyda keltirish istagi bilan yashagan yigitning hayoti to‘satdan uzildi. Muhammadaziz Umurzoqovning qisqa, ammo mazmunli hayot yo‘li uni tanlaganlar xotirasida mehribonlik, orzu va insonparvarlik timsoli sifatida qoladi.


Braun universiteti, Amerika jamoatchiligi, Muhammadaziz Umurzoqov, Nevroxirurg orzusi, Chiari malformatsiyasi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing