14:27 / 16.12.2025
2 566

O‘zbekiston Quvaytdan aviatsiya yoqilg‘isini xarid qilishni rejalashtirmoqda

O‘zbekiston Quvaytdan aviatsiya yoqilg‘isini xarid qilish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratovning Quvayt Davlatiga amaliy tashrifi doirasida bir qator yuqori darajadagi uchrashuvlar o‘tkazildi.

Jumladan, Quvayt neft vaziri hamda Kuwait Petroleum Corporation raisi Tareq Suleiman Al-Roumi, shuningdek savdo va sanoat vaziri Xalifa Al-Askar bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvlarda neft-gaz va neft-kimyo sohalarida hamkorlikni rivojlantirish, logistika va savdo aloqalarini kengaytirish, O‘zbekiston aviakompaniyalari uchun aviatsiya yoqilg‘isini yetkazib berish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, O‘zbekiston tomoni meva-sabzavot mahsulotlari eksportini oshirish, standartlarni o‘zaro tan olish va laboratoriyalarni akkreditatsiya qilish bo‘yicha hamkorlikka qiziqish bildirdi.

Quvayt Davlatining elektroenergetika, suv resurslari va qayta tiklanuvchi energetika vaziri, shuningdek moliya hamda iqtisodiy masalalar va investitsiyalar bo‘yicha vazir vazifasini bajaruvchi doktor Sabih Abdulaziz Al-Muhayzim bilan o‘tkazilgan uchrashuvda investitsiyaviy hamkorlikni chuqurlashtirish va ikki tomonlama savdoni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar, shuningdek, «Fors ko‘rfazi mamlakatlari – Markaziy Osiyo» Taraqqiyot jamg‘armasini tashkil etish tashabbusini ko‘rib chiqdi.

O‘zbekiston–Quvayt Hukumatlararo qo‘shma komissiyasining ikkinchi yig‘ilishi doirasida erishilgan kelishuvlarni amalda ilgari surish va hamkorlikni yanada rivojlantirishga o‘zaro tayyorlik tasdiqlandi.


O‘zbekiston Quvayt, Aviatsiya yoqilg‘isi, Neft-kimyo sohalari, Meva-sabzavot eksporti, Investitsiyaviy hamkorlik
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing