Tojikiston O'zbekistondan elektr energiyasi sotib olmoqda

Tojikiston O‘zbekistondan elektr energiyasi sotib olishni boshladi. Dekabr o‘rtalarida kundalik yetkazib berish hajmi 2 million kVt·soatni tashkil etdi. Bu haqda Asia-Plus xabar berdi.
Tojikiston Energetika va suv resurslari vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘zbek elektr energiyasi mamlakatdagi energiya ta’minoti holatini yaxshilagan.
Dushanbe kelgusida O‘zbekistondan importni oshirishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, Tojikiston Qozog‘iston va Turkmanistondan elektr energiyasi yetkazib berish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishgan.
Biroq, Dushanbe xalqaro energiya bozoriga faqat O‘zbekiston orqali chiqish imkoniyatiga ega. Bu sababli tranzitni ta’minlash uchun Toshkent bilan kelishuv zarur.
Bundan tashqari, Tojikiston Markaziy Osiyo Yagona energiya tizimiga qo‘shilish ustida ish olib bormoqda. Mamlakat 2024 yilning yanvar-mart oylarida ushbu tizimga ulanishni rejalashtirgan.
Eslatib o‘tamiz, Tojikistonda elektr energiyasini tejash bo‘yicha chora-tadbirlar joriy etilgan. Agar iste’molchi bir vaqtning o‘zida 4 kVt quvvatdan oshiq elektr energiyasi ishlatsa, elektr ta’minoti avtomatik ravishda 30 daqiqaga uziladi.
Shuningdek, davlat korxonalari ish soatlari tugagach elektr tarmog‘idan uzib qo‘yiladi. Elektr avtomobillari uchun quvvatlash stansiyalari esa 18:00 dan 22:00 gacha ishlamaydi.
Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon 16 dekabr kuni mamlakatda energiya cheklovlari 2027 yilda bekor qilinishi haqida ma’lum qildi. U tojikistonliklarni hukumat bu muammoni hal qilish uchun chora-tadbirlar ko‘rayotganiga ishontirdi.
Jumladan, respublikada quyosh elektr stansiyalari qurilmoqda va Rog‘un GESining uchinchi turbinasini 2027 yil kuzida ishga tushirish rejalashtirilgan.
Tojikiston Energetika, O‘zbekiston elektr, Markaziy Osiyo, Rog‘un GES, Elektr energiyasi