Jizzaxda ajablanarli holat: ayol eri bilan birga yashab, undan aliment talab qildi

Jizzax viloyatida ko‘pchilikni hayratga solgan holat aniqlandi. Forish tumanida bir ayol alimentdan qarzdor bo‘lgan turmush o‘rtog‘i bilan bir uyda yashab kelgan holda, undan aliment undirishni talab qilib kelgan.
MIB ma’lumotlariga ko‘ra, farzand ta’minoti uchun aliment to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlab, davlat ijrochisi oldiga kelmagan X.D.ga nisbatan qidiruv e’lon qilingan. Tezkor-qidiruv tadbirlari davomida u Jizzax shahridagi “Olmozor siti” hududida aliment undiruvchi — ya’ni turmush o‘rtog‘i bilan birga istiqomat qilib kelayotgani ma’lum bo‘lgan.
Qidiruvda bo‘lgan shaxs aniqlanib, keyingi ijro harakatlarini amalga oshirish uchun Forish tumani davlat ijrochisiga topshirilgan. Ma’lum bo‘lishicha, X.D.ning aliment bo‘yicha qarzi 10 million so‘mdan oshib ketgan.
Ayol esa nima sababdan bu holatni yashirib kelgani haqida so‘ralganda, erining qamalishini istamasligini, aliment mablag‘lari qamoq chorasisiz undirilishini xohlaganini bildirgan.
Ayni paytda, qarzdorga nisbatan qonun doirasida belgilangan ijro choralari davom ettirilmoqda.