20:19 / 15.12.2025
1 688

Xitoy tug‘ilishni oshirish uchun yangi keng qamrovli dasturni yo‘lga qo‘ydi

Xitoy hukumati 2026 yildan boshlab tug‘ruq bilan bog‘liq barcha tibbiy xarajatlarni to‘liq davlat hisobidan qoplashni rejalashtirmoqda. Mazkur tashabbusning asosiy maqsadi — yosh oilalarni farzandli bo‘lishga rag‘batlantirish va mamlakatda kuzatilayotgan demografik pasayish jarayonini bartaraf etish. Bu haqda Milliy sog‘liqni saqlash xavfsizligi boshqarmasi ma’lumot berdi.

Yangi tartibga ko‘ra, 2026 yildan e’tiboran mamlakat bo‘ylab tug‘ruq jarayoni bilan bog‘liq barcha tibbiy xizmatlar, shu jumladan, tug‘ruqdan oldingi tekshiruvlar, diagnostika va ko‘riklar xarajatlari to‘liq davlat tomonidan qoplanadi. Bu orqali “cho‘ntakdan xarajatsiz tug‘ruq” tizimi shakllanib, oilalar zimmasidan katta moliyaviy yuk olib tashlanishi kutilmoqda.

Mazkur qaror Pekinning aholi soni kamayishini to‘xtatish va kelgusi yillarda demografik barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan kompleks siyosati doirasida qabul qilindi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoy aholisi 2022 yilda so‘nggi bir necha o‘n yil ichida ilk bor qisqargan va 2024 yilgacha bu tendensiya davom etgan. Ekspertlar tug‘ilish dinamikasining pastligi sababli aholi qisqarishi yaqin yillarda ham davom etishi mumkinligini ta’kidlamoqda. Bu esa ishchi kuchining kamayishi va keksa avlod ulushining ortishi orqali mahalliy hokimliklarga qo‘shimcha bosim yuzaga keltirishi mumkin.

Xitoyda tug‘ilish darajasining uzoq yillar davomida pasayishiga 1980–2015 yillarda amal qilgan “bir bola siyosati”, urbanizatsiya jarayonlarining tezlashuvi, bolalarni parvarish qilish va ta’lim xarajatlarining yuqoriligi, ishsizlik hamda iqtisodiy o‘sish sur’atlarining sekinlashishi kabi omillar ta’sir etgan. Ko‘plab yoshlar ana shu omillar tufayli oila qurish va farzand ko‘rishni kechiktirib kelmoqda.

Ayrim provinsiyalar — Szilin, Szyansu va Shandunda tug‘ruqni deyarli bepul qilish amaliyoti allaqachon joriy etilgan. Shu bilan birga, markaziy hukumat bolalar parvarishi uchun qo‘shimcha subsidiyalar ajratish, maktabgacha ta’limni arzonlashtirish va ba’zi hollarda bepul qilish, tug‘ruq ta’tilini uzaytirish, soliq va uy-joy imtiyozlari berish orqali oilalarni ko‘p bolali bo‘lishga undashni rejalashtirmoqda.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing