21:19 / 17.11.2025
2 861

Xonanda Jahongir Otajonovni qanday qilib boshqa xonanda "chuv tushirdi"?

Xonanda X.X. jinoiy jazoga tortildi. U firibgar jinoyatini sodir qilishda gumonlanib, 2025-yil 9-avgustdan buyon qamoqda saqlanayotgandi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.

Sud hukmida keltirilishicha, Jahongir Otajonov va X.X. O‘zbekiston Davlat Konservatoriyasida o‘qib yurgan kezlarda tanishib, aka-ukadek bo‘lib kelgan. Ikki xonanda o‘rtasidagi “oldi-berdi” 2017-yilda boshlangan.

2017 yil noyabr. X.X. Jahongir Otajonovning Lexus mashinasini 68 ming dollarga baholab, sotib olgan. U dastlabki to‘lov sifatida 34 ming dollar bergan va qolgan 34 ming dollarni 2-yilga bo‘lib to‘lashga kelishgan. Keyinchalik mashinani oldi-sotdi shartnomasiga asosan boshqa shaxslarga rasmiylashtirishga erishib, Jahongir Otajonovga 34 ming dollarni bermasdan, pullarni shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflab yuborgan.

2019 yil iyul. X.X. Jahongir Otajonovni tanishining Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan to‘y marosimiga taklif etgan hamda xizmati evaziga 1000 dollar berishini bildirgan. U kelishilgan 1000 dollarni to‘y egasidan o‘zi olib, Jahongir Otajonovga keyinchalik berishini aytgan. Ammo ushbu pulni bermasdan, o‘z ehtiyojlariga sarflagan. X.X. 2019-yil iyul oyida xuddi shu uslubda Jahongir Otajonovni Qashqadaryo viloyatiga to‘yga olib borib, xizmat uchun kelishilgan 5 ming dollarni to‘y egasidan o‘zi olgan holda xonandaga bermagan.

2021 yil fevral. X.X. Jahongir Otajonov BMW mashinasini 83 ming dollarga sotmoqchi ekanini eshitib qolgan. U mashinani xonandaga 15 ming dollar berib, qolgan qismini 2-yil davomida to‘lab berish sharti bilan olgan. Keyinchalik avtomobilni oldi-sotdi shartnomasi asosida boshqa shaxslar nomiga rasmiylashtirib olishga erishgan. Kelishuv bo‘yicha 68 ming dollarni esa Jahongir Otajonovga bermasdan, o‘z ehtiyojlariga ishlatib yuborgan.

2021 yil mart. X.X. Jahongir Otajonov Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi xonadonni sotish niyatida ekanligidan xabar topgan. U mazkur xonadon uchun mijoz topganini, uyni 35 ming dollarga sotishini xonandaga aytgan. Biroq ushbu pulning 30 ming dollarini berib, qolgan 5 ming dollarini keyinchalik berishini va’da qilgan. Lekin u bu safar ham o‘z va’dasida turmagan.

Bundan tashqari, X.X. Jahongir Otajonovni o‘zi muqaddam ijara asosida yashab kelgan Toshkent shahar Yakkasaroy tumanidagi uyni ikki yil muddatga bo‘lib to‘lash evaziga sotib olishga qiziqtirgan. U xonanda yashab kelgan Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 6,54 sotixli uyning uy-joy qurilgan 1,18 sotix qismini 50 ming dollarga sotib olishga va ushbu pullarni Jahongir Otajonov sotib olayotgan Yakkasaroy tumanidagi xonadon uchun to‘lov sifatida berishga ishontirgan. Biroq Jahongir Otajonov Turkiyada ekanidan foydalangan X.X. 50 ming dollarni xonanda sotib olayotgan uy egasiga to‘lov qilmasdan, 2021-yil 2 aprel Mirzo Ulug‘bek tumanidagi xonadonni xaridor nomiga to‘liq o‘tkazishga erishgan. 2021-yil 12-may kuni esa uyning 1,18 sotix qismini o‘zining nomiga rasmiylashtirib olgan. Bu orqali Jahongir Otajonovning uy-joyga bo‘lgan mulk huquqini qo‘lga kiritgan. So‘ngra 2022-yil 25 iyul kuni mazkur xonadonni sotib yuborib, Jahongir Otajonovga 50 ming dollar miqdorida moddiy zarar yetkazgan.

Shu kabi, X.X. yana bir uy epizodi bo‘yicha Jahongir Otajonovga 32 ming dollar zarar yetkazib, ushbu pullarni ham o‘z ehtiyojlari uchun sarflab yuborgan.X.X. sudda aybiga qisman iqror bo‘lgan va ushbu pullarni san’at sohasidagi faoliyatini rivojlantirish uchun sarflaganini bildirgan.

“Mening hisobim bo‘yicha Jahongir Otajonovga hozirgi kunda 85 ming dollar berishim kerak. Holat sodir bo‘lgan vaqt bo‘yicha pul oldi-berdi ishlari yuzasidan pul miqdori bo‘yicha adashayotgan bo‘lishim mumkin. Jahongir Otajonov barcha hisob-kitobni o‘zi uchun qayd qilib yurganini inobatga olib, uning pul miqdori bo‘yicha barcha vajlarini to‘liq tasdiqlayman”, degan u suddagi ko‘rsatmasida.

Shuningdek, X.X. qilmishidan pushaymonligini, imkon berilsa ishlab, jabrlanuvchiga yetkazilgan moddiy zararni qoplab berishini bildirgan hamda suddan yengillik so‘ragan.

JIB Yakkasaroy tuman sudining hukmi bilan X.X. Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga 8-yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

X.X.dan jabrlanuvchi Jahongir Otajonov foydasiga yetkazilgan moddiy zarar, ya’ni 2 mlrd 337 mln so‘m undirish belgilangan. Shuningdek, X.X. nomiga rasmiylashtirilgan, Toshkent shahrida joylashgan 2 ta xonadon sodir etilgan jinoyat natijasida orttirilgan mulk sifatida baholanib, sotuvga qo‘yilishi, sotuvdan tushgan mablag‘ yetkazilgan moddiy zararni qoplashga qaratilishi ham nazarda tutilgan.

Muallif: Ruslan Saburov


Jinoyat Ishlari, Firibgarlik Holati, Jahongir Otajonov, Xonanda X. X, Sud Hukmi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing