Mbappe va PSJ o‘rtasida mutlaq keskin moliyaviy kelishmovchilik...

Kilian Mbappe bilan «PSJ» o‘rtasidagi tortishuv yana avj oldi. Parij klubini 2024-yili erkin agent sifatida tark etib, «Real Madrid» safiga qo‘shilgan hujumchi ortidan qolgan mojaro hali ham hal bo‘lmadi — aksincha, yangi ayblovlar va ulkan talablar bilan yanada kuchaymoqda.
Mbappe klubni unga nisbatan kuchli psixologik bosim o‘tkazganlikda ayblamoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2023-yilda asosiy tarkibdan vaqtincha chetlatilishi aynan yangi shartnomaga majburlash maqsadida qilingan «jazo» bo‘lgan. Shu holat futbolchining huquqiy da’vosida asosiy bandlardan biri sifatida qayd etilgan.
17-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi sud majlisida hujumchi Parij klubidan umuman hisoblaganda 240 million yevro atrofida to‘lov talab qilayotgani oshkor bo‘ldi. Uning Mehnat sudiga taqdim etgan da’volari orasida bir qator katta summalar mavjud:
— soliqdan oldingi 12,6 million yevro miqdoridagi ogohlantiruv kompensatsiyasi;
— noqonuniy ishdan bo‘shatish sifatida 25 million yevro;
— ta’til uchun 3,6 million yevro;
— uch oylik to‘lanmagan maosh uchun 1 million yevro;
— tarkibdan asossiz chetlatilganlik uchun 44 million yevro.
Shu bilan birga, Mbappe o‘zini 2023-yil aprel–iyun oylari orasida to‘lanmagan 17 million yevro maosh, imzo bonuslarining qolgan qismi sifatida 36,6 million yevro, axloqiy rag‘bat sifatida 1 million yevro va shartnoma bilan tartibga solinmagan qo‘shimcha ish uchun 37 million yevro hamda psixologik bosim uchun yana 37 million yevro to‘lov talab qilmoqda. Bundan tashqari, mehnat kelishuvlari va xavfsizlik qoidalarini buzganlik uchun 18+18 million yevro kompensatsiya so‘ragan.
Mbappening huquqiy jamoasi suddan 14,8 million yevrolik soliqdan oldingi kompensatsiyani uning «ehtimoliy maoshi» sifatida inobatga olishni talab qilmoqda.
Biroq mojaro faqat Mbappening talablari bilan cheklanmaydi. «PSJ» ham javob da’vosi bilan chiqdi — klub hujumchidan 180 million yevro miqdorida tovon puli so‘ramoqda. Parijliklarning fikricha, futbolchi shartnoma shartlarini buzgan va klubga jiddiy zarar yetkazgan.
Hozircha ikki tomon keskin pozitsiyada turibdi, sud jarayonlari esa davom etmoqda. Muxlislar esa bir narsani yaxshi anglaydi: bu nizo Yevropadagi eng mashhur futbolchilardan biri va eng boy klublardan biri o‘rtasidagi eng yirik yuridik to‘qnashuvlardan biriga aylanyapti.
Kilian o‘zini haq deb hisoblayapti, «PSJ» esa o‘z pozitsiyasini himoya qilmoqda — bu mojaroda yakuniy nuqta hali qo‘yilmagan.
Kilian Mbappe, Parij Klubi, Sud Jarayoni, Yuridik Nizo, Futbol Mojarosi