23:00 / 17.11.2025
2 529

Karib va Afrika davlatlari Britaniyadan qullik bo‘yicha tovon talab qilmoqda

Britaniyadan qullik uchun tovon talab qilinmoqda. “Reuters” yozishicha, Karib havzasi va Afrika qit’asidagi bir qator mamlakatlar Buyuk Britaniyadan qullik va mustamlakachilik oqibatlari uchun rasmiy va moliyaviy javobgarlikni talab qilib chiqmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Karib hamjamiyati (CARICOM) tarkibidagi davlatlar reparatsiyalar masalasini muhokama qilish uchun Londonga maxsus delegatsiya yubormoqda. Komissiya Buyuk Britaniya hukumat va parlament a’zolari bilan uchrashib, qullik davridagi og‘ir tarixiy adolatsizliklar va ularning bugungacha saqlanib kelayotgan ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarini batafsil muhokama qiladi.

CARICOM taqdim etmoqchi bo‘lgan reparatsiya rejasida “to‘liq va rasmiy uzr so‘rash, ta’lim dasturlarini kengaytirish, qator davlat qarzlarini bekor qilish, moliyaviy kompensatsiya ajratish” kabi bir qancha talablar o‘z aksini topgan. Afrika Ittifoqiga a’zo bir necha davlat ham o‘xshash dastur ustida ishlayapti — ular Yevropaning XV–XIX asrlarda amalga oshirgan qullar savdosi uchun tovon talab qilmoqda. O‘sha davrda 12,5 milliondan ziyod afrikalik majburan olib ketilib, qul sifatida sotilgani ta’kidlanadi.

Shu bilan birga, nashr yozishicha, dunyoda reparatsiya masalasiga nisbatan qarshilik ortib bormoqda. Ko‘plab Yevropa yetakchilari zamonaviy davlatlar o‘tmishdagi xatolar uchun to‘liq javobgar bo‘lolmasligini ta’kidlab, bu mavzuda rasmiy mulohazalarga shoshmayapti.

“The Repair Campaign” buyurtmasi bilan o‘tkazilgan 2025 yilgi so‘rovnoma esa qiziq natija ko‘rsatgan: Buyuk Britaniyaliklarning 85 foizi mamlakat Karib mintaqasiga uch milliondan ortiq afrikalikni majburan ko‘chirganini umuman bilmagan.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing