10:39 / 15.11.2025
1 621

Sirdaryoda shifokor bilan urushgan erkak 15 sutkaga qamaldi

Sirdaryo viloyatida shifokor bilan o‘zaro janjallashib, tibbiy ko‘rik jarayoniga to‘sqinlik qilgan erkak ma’muriy tartibda jazolandi. Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, u sud qarori bilan 15 sutkaga ma’muriy qamoqqa olingan.

Hodisa joriy yilning 9-noyabr kuni soat 00:25 larda Mirzaobod tumanidagi Sirdaryo viloyati Yuqumli kasalliklar shifoxonasida sodir bo‘lgan. “102” xizmatiga bemorning yaqinlari tibbiy muassasada janjal chiqarayotgani haqida xabar kelib tushgan.

Profilaktika inspektorlari shifoxonaga yetib borganida, bemor D.X.ni uning turmush o‘rtog‘i S.X. va o‘g‘li A.X.lar olib kelgani ma’lum bo‘lgan. Navbatchi shifokor R.B. bemorni ko‘rikdan o‘tkazish jarayonida qo‘lidan ushlab o‘tirishga yordam bergan va qorin sohasidagi og‘riqni aniqlash maqsadida qo‘li bilan bosib ko‘rgan.

Shu paytda bemorning turmush o‘rtog‘i rashk sabab shifokor bilan o‘zaro janjallashgan.

Tergovga qadar o‘tkazilgan tekshiruvda shifokor R.B. sud-tibbiy ekspertizadan o‘tkazilgan va unda tan jarohati yoki jarohat izlari mavjud emasligi tasdiqlangan.

Jamlangan hujjatlar Mirzaobod tuman sudida ko‘rib chiqildi. Sud fuqaro S.X.ni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) va 197-7-moddasi (tibbiyot xodimining qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilish) talablarini buzgan deb topib, unga nisbatan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosini belgiladi.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing