
2025-yil davomida Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi oltin savdosi misli ko‘rilmagan darajaga yetdi. Financial Times manbalariga tayanadigan bo‘lsak, joriy yilning 11 oyi ichida Rossiya Xitoyga qariyb 1,6 milliard yevrolik oltin quymalari yetkazib bergan.
Ayniqsa, so‘nggi oylar keskin faollik bilan ajralib turdi. Noyabr oyida Rossiyadan Xitoyga 818,6 million yevro qiymatidagi oltin eksport qilingan bo‘lsa, oktyabr oyida bu ko‘rsatkich 792,2 million yevroni tashkil etgan. Taqqoslash uchun, 2024-yilning kuz oylarida Xitoyga umuman oltin yetkazib berilmagan, o‘sha yildagi eng yuqori oylik ko‘rsatkich esa atigi 189,9 million yevro bilan cheklangan edi.
Bloomberg agentligi ham bu tendensiyani tasdiqlab, 2025-yilning dastlabki olti oyida Rossiyaning qimmatbaho metallari Xitoy bozoriga eksporti deyarli ikki barobar oshib, 1 milliard dollarga yaqinlashganini qayd etmoqda. Mutaxassislar buni jahon bozorida oltin narxining rekord darajaga chiqishi va Xitoy tomonidan barqaror talab saqlanib qolayotgani bilan izohlamoqda.
Shu bilan birga, Financial Times’ning yozishicha, Xitoyning haqiqiy oltin xaridlari rasmiy statistikadan 10 baravargacha yuqori bo‘lishi mumkin. Tahlilchilar Pekinning bunday faol siyosatini moliyaviy xavfsizlikni mustahkamlash va dollar aktivlariga qaramlikni kamaytirish istagi bilan bog‘lamoqda.
Rossiya Xitoy, Oltin savdosi, Financial Times, Bloomberg agentligi, Moliyaviy xavfsizlik