20:02 / 17.11.2025
3 703

Madina yaqinidagi avtohalokat ziyoratchilar uchun fojeaga aylandi

Madinada avtohalokat oqibatida ziyoratchilar kuyib ketdi. Saudiya Arabistonining Madina shahri yaqinida umra ziyoratchilari harakatlanib ketayotgan avtobus dizel tankeri bilan to‘qnashgani natijasida kamida 42 kishi halok bo‘lgani ma’lum qilindi, deb xabar berdi “Hindustan Times”.

Ma’lumotlarga qaraganda, halok bo‘lganlar orasida kamida 16 nafar Hindistonning Haydarobod shahridan bo‘lgan fuqarolar bor. Yo‘lovchi avtobusi to‘liq yongani sababli marhumlarning shaxsini aniqlash ishlari hali ham davom etmoqda. Rasmiylarga ko‘ra, bu jarayon qiyin kechmoqda, chunki avariya juda kuchli bo‘lgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yo‘l-transport hodisasi mahalliy vaqt bilan taxminan soat 1:30 da Madinadan 160 km uzoqlikda joylashgan Mufrihat shahri hududida sodir bo‘lgan. Avtobusda 43 nafar yo‘lovchi bo‘lgani va hozircha faqat bir kishi tirik qolgani taxmin qilinmoqda.

Hindiston Tashqi ishlar vaziri Subrahmanyam Jaishankar ushbu fojeadan qayg‘uda ekanini bildirib, marhumlar oilalariga chuqur hamdardlik yo‘llagan. Uning aytishicha, Riyoddagi Hindiston elchixonasi va Jiddadagi konsulxona jabrlanuvchilar hamda ularning qarindoshlariga barcha zarur yordamni ko‘rsatmoqda.

Fojeadan so‘ng Hindistonning Jiddadagi elchixonasi jabr ko‘rganlar oilalari uchun maxsus ishonch telefonini ishga tushirdi. Haydarobod deputati Asaduddin Ovaysi ham elchixona bilan bog‘lanib, halok bo‘lganlarning shaxsini tezroq aniqlash va jasadlarni mamlakatga qaytarish masalasini tezlashtirishni so‘ragan.

U o‘z murojaatida: “Kimdir tirik qolgan bo‘lsa, unga darhol tibbiy yordam ko‘rsatilishini, marhumlar esa muvaffaqiyatli holda Vatanga yetkazilishini so‘rayman”, deya ta’kidladi.


Madina Shahri, Saudiya Arabistoni, Umra Ziyorati, Yo'l Hodisasi, Hindiston Fuqarolari
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing