19:15 / 15.12.2025
3 223

iPhone Fold’da kutilmagan qaror: Touch ID qaytadi

Insayd ma’lumotlarga ko‘ra, Apple o‘zining ilk buklanadigan smartfoni — iPhone Fold’da Face ID tizimidan voz kechishi mumkin. Kompaniya uning o‘rniga avval keng qo‘llangan, ammo keyinchalik soyaga ketgan Touch ID’ni qayta joriy etishni rejalashtirmoqda. Barmoq izi orqali autentifikatsiya qilish tizimi esa qurilmaning yon tomonida joylashgan Power tugmasiga o‘rnatiladi.

Ma’lumki, Touch ID so‘nggi marta 2022 yilda taqdim etilgan iPhone SE modelida qo‘llanilgan edi. Apple’ning asosiy flagman smartfonlarida esa bu texnologiya 2017 yildan beri umuman ishlatilmagan. Endi esa ushbu klassik, bir vaqtlar juda mashhur bo‘lgan funksiya kompaniyaning eng qimmat va eng ko‘p muhokama qilinayotgan iPhone’ida yana sahnaga qaytishi mumkin.

Bu qarorning asosiy sababi qurilmaning konstruksiyasi va ichki dizayni bilan bog‘liq. Face ID tizimi, shuningdek ekran ostiga o‘rnatilgan skanerlar smartfon ichida ancha joy talab qiladi. Buklanadigan iPhone esa Apple uchun tashqi ko‘rinishda ham, texnik jihatdan ham raqobatchilardan qolishmasligi kerak — ayniqsa qalinlik masalasida.

Bundan tashqari, buklanadigan format Face ID uchun yana bir murakkablik tug‘diradi. Qurilmani ham ochiq, ham yopiq holatda qulfdan chiqarish uchun ikki xil Face ID tizimini joylashtirish talab etiladi. Bu esa muhandislik nuqtayi nazaridan ham, narx va joy masalasida ham qo‘shimcha muammolarni keltirib chiqaradi.

Shu fonga qaraganda, Touch ID’ni yon tomonga o‘rnatish Apple uchun eng oqilona yechim sifatida ko‘rilmoqda. Bu usul texnik jihatdan soddaroq, joyni kam egallaydi va eng muhimi — ishonchli.

Touch ID’ning qayta joriy etilishi Apple muxlislarining bir qismi uchun ayni muddao bo‘lishi mumkin. Ko‘plab foydalanuvchilar barmoq izi orqali qulfdan chiqarishni tezroq, qulayroq va ayrim holatlarda Face ID’dan ham ishonchli deb hisoblaydi. Ayniqsa, niqobda yoki yorug‘lik past bo‘lgan sharoitlarda bu usul yanada afzal ko‘rinadi.

Qisqasi, Apple texnologiyada oldinga intilayotgan bo‘lsa-da, ayrim hollarda sinalgan va ishonchli yechimlarga qaytishdan ham qo‘rqmayapti. iPhone Fold esa nafaqat dizayni, balki aynan shu kabi kutilmagan qarorlari bilan ham bozorda katta qiziqish uyg‘otishi aniq.


Apple kompaniyasi, iPhone Fold, Touch ID, Face ID, Buklanadigan smartfonlar
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing