21:58 / 15.12.2025
3 426

Toshkentda хalqaro suv haftaligi bo‘lib o‘tadi

Kelasi yil mart oyida Toshkentda хalqaro suv haftaligi o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Ushbu forumda mintaqa mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar vakillari suv resurslaridan oqilona foydalanish hamda “yashil” texnologiyalarni joriy etish masalalarini muhokama qilishadi.

15 dekabr kuni ushbu tadbir bo‘yicha Prezident Shavkat Mirziyoyevga ma’lumot berildi. Davlat rahbari ushbu tadbirni yuqori saviyada tashkil etish va kelasi yilda Qoraqalpog‘iston mintaqasida suvni tejash texnologiyalari bo‘yicha xalqaro forumga puxta tayyorgarlik ko‘rishni topshirdi.

Uchrashuvda suv xo‘jaligida energiya iste’molini kamaytirish choralari haqida ham so‘z yuritildi. Qoraqalpog‘istonda 274 nasos stansiyasi faoliyat yuritadi va ular orqali 185 ming gektardan ortiq yer sug‘oriladi.

Ammo nasoslarning yarmidan ko‘pi eskirgan bo‘lib, ular zamonaviy nasoslarga nisbatan 2-3 barobar ko‘proq elektr energiyasi sarflaydi. Kegayli tumanida bir nasos almashtirilgach, elektr energiyasi iste’moli ikki barobarga qisqardi.

Endi 276 ta nasosni bosqichma-bosqich energiya tejamkorlariga almashtirish rejalashtirilmoqda. Bu har yili 25 milliard so‘mni tejash imkonini beradi va loyiha 14 oyda o‘zini oqlaydi.

Rasmiylar mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash ahamiyatini ta’kidladilar. Bundan tashqari, Toshkent irrigatsiya instituti haqida ham ma’lumot berildi.

Mazkur universitetda 8 682 nafar talaba ta’lim oladi va 571 nafar o‘qituvchi faoliyat yuritadi. Institut THE World University Rankings 2026 reytingida O‘zbekistonda birinchi o‘rinni egallagan va dunyoning eng yaxshi 500 ta universiteti qatorida joy olgan.

Kelgusida institutda iqlim o‘zgarishini tahlil qilish uchun raqamli platforma yaratish, sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari bilan ishlashni rivojlantirish va xalqaro maqomga ega “Suv diplomatiyasi” magistratura dasturini ochish rejalashtirilmoqda.


Shavkat Mirziyoyev, Toshkent irrigatsiya, Qoraqalpog‘iston mintaqasi, Suv texnologiyalari, Energiya tejamkorlik
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing