22:39 / 15.12.2025
3 728

O‘zbekiston tabiiy boyliklari:: har bir fuqaroga 79 ming dollarlik yer osti xazinasi!

Yaqin kunlarda aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan tabiiy resurslar qiymati bo‘yicha yetakchi davlatlar reytingi e’lon qilingan edi. Unda neft zaxiralari bilan dunyoda yetakchi sanaladigan Saudiya Arabistoni birinchi o‘rinni egalladi. Qirollikda har bir fuqaro hisobiga taxminan 1 million dollar qiymatidagi tabiiy resurslar to‘g‘ri keladi. Ikkinchi va uchinchi pog‘onalarni esa Kanada hamda Avstraliya band etgan bo‘lib, bu mamlakatlarda jon boshiga to‘g‘ri keladigan tabiiy boyliklar qiymati 700 ming dollardan oshib ketadi.

Kanadaning yuqori ko‘rsatkichi asosan neft, keng o‘rmon maydonlari va boy mineral zaxiralari bilan izohlansa, Avstraliya temir rudasi, ko‘mir va tabiiy gazning ulkan zaxiralari hisobidan yuqori o‘rinni saqlab turibdi. Reytingda to‘rtinchi o‘rindan Rossiya joy olgan bo‘lib, u yerda bir kishi hisobiga 520 ming dollardan ortiq tabiiy resurslar to‘g‘ri keladi.

Shu o‘rinda tabiiy savol tug‘iladi: O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich qanday?

Jahon bozorida xomashyo narxlarining tez-tez o‘zgarib turishi va geologik qidiruv ishlarining doimiy ravishda davom etishi sababli O‘zbekistondagi tabiiy resurslarning aniq qiymatini belgilash oson emas. Biroq mavjud rasmiy ma’lumotlar mamlakatning yerosti boyliklari juda katta salohiyatga ega ekanini ko‘rsatadi.

2018-yil iyul oyida Geologiya va mineral resurslar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari A’zam Qodirxo‘jayev O‘zbekistondagi mineral-xomashyo resurslarining umumiy salohiyati qariyb 5,7 trillion dollarga baholanishini ma’lum qilgan edi. Uning ta’kidlashicha, bu qiymatning 1 trillion dollardan sal ortig‘i qidirib topilgan zaxiralar va tayyor holdagi konlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Shu bilan birga, mamlakat hududining atigi 20 foizi to‘liq o‘rganilgan bo‘lib, yangi konlarni aniqlash bo‘yicha hali juda katta imkoniyatlar mavjud.

2023-yil dekabr oyida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi vakili Ilyos Jumayev O‘zbekistonda 101 ta oltin va 3 ta kumush koni rasman hisobga olinganini ma’lum qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatimizda Yer yuzida ma’lum bo‘lgan deyarli barcha turdagi foydali qazilmalar mavjud. Ular qatorida oltin, kumush, mis, uran, neft, tabiiy gaz, litiy, molibden, volfram, marganes, nikel, kobalt, tantal, niobiy va boshqa strategik ahamiyatga ega minerallar bor.

Ayniqsa, oltin konlarining asosiy qismi Navoiy va Olmaliq kon-metallurgiya kombinatlarining xomashyo bazasi sifatida xizmat qilayotgani, mis konlarining esa asosan Toshkent viloyatida joylashgani ta’kidlangan.

2025-yil iyun oyida bo‘lib o‘tgan Toshkent xalqaro investitsiya forumida prezident Shavkat Mirziyoyev ham O‘zbekiston yerosti boyliklarining umumiy salohiyatiga alohida to‘xtalib o‘tdi. Davlat rahbari mamlakatning tabiiy resurslari 3 trillion dollarga baholanayotganini qayd etar ekan, to‘rtinchi sanoat inqilobi sharoitida texnologik minerallarga bo‘lgan talab keskin ortib borayotganini ta’kidladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev: “Umuman, yerosti boyliklarimizning salohiyati 3 trillion dollarga baholanmoqda. Mintaqamizning minerallardan yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish «xabi»ga aylanishi uchun barcha imkoniyatlar mavjud”.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda litiy, volfram, magniy, grafit, titan, vanadiy kabi strategik minerallarning yirik zaxiralari mavjud. Bu esa mamlakatni yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish markaziga aylantirish uchun mustahkam zamin yaratadi.

Har bir o‘zbekistonlikka qancha to‘g‘ri keladi?

Agar ushbu 3 trillion dollarlik yerosti boyliklari hozirgi aholi soniga — 38 million 244 ming nafarga nisbatan hisoblansa, har bir o‘zbekistonlik hisobiga taxminan 78–79 ming dollar qiymatidagi tabiiy resurslar to‘g‘ri keladi.

Bu raqamlar O‘zbekiston Saudiya Arabistoni yoki Kanada bilan taqqoslaganda pastroq ko‘rinsa-da, mamlakatda hali to‘liq o‘rganilmagan zaxiralar ulkan ekanini inobatga olsak, kelgusida bu ko‘rsatkichni oshirish uchun imkoniyatlar yetarli ekani shubhasiz.

Qimmatbaho va noyob resurslar

Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda Yer yuzida ma’lum bo‘lgan deyarli barcha turdagi foydali qazilmalar aniqlangan. Jumladan, strategik ahamiyatga ega bo‘lgan:

  • Qimmatbaho metallar: Oltin (101 ta kon), kumush (3 ta kon), platinoidlar.
  • Nodir va rangli metallar: Mis (10 ta kon), uran, qo‘rg‘oshin, molibden, volfram, litiy, xrom, nikel, tantal, niobiy, kobalt, skandiy, germaniy, reniy.
  • Energetika xomashyosi: Neft va tabiiy gaz.

Tabiiy resurslar, Saudiya Arabistoni, O‘zbekiston iqtisodiyoti, Tog‘-kon sanoati, Foydali qazilmalar
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing