13:00 / 17.11.2025
2 223

Texnologiyalar va moliya: AVO bank va HiveTech tajribasi


Bank sohasida raqamlar va algoritmlar ko'p narsani hal qiladi, lekin ular ortida jarayonlarni chuqur tushunish bo'lishi zarur. Shu maqsadda AVO bank o'zining qarz undirish tizimini formal emas, balki haqiqiy auditdan o'tkazishga qaror qildi.

Bu jarayonda ularga moliya sohasi raqamlashtirishga ixtisoslashgan HiveTech kompaniyasi yordam berdi. Maqsad jarayonlarni oddiy "tekshirish" emas, balki ularni jonli tizim sifatida ko'rib chiqish edi: qayerda tizim maksimal ishlayotganini va qayerda samaradorlikni yo'qotayotganini aniqlash.

Yangi Collection CRM tizimini ishga tushirishdan avval AVO jamoasi qarzdor mijozning yo'lini qayta ko'rib chiqishga qaror qildi — jarayonlar, mantiq va ma'lumotlar nuqtayi nazaridan. "HiveTech bilan o'tkazilgan audit bizga o'sishning asosiy nuqtalarini ko'rish va yaxshilanishlar uchun aniq yo'l xaritasini olishga yordam berdi.

Bu oddiy hisobot emas, balki undirish strategiyasini yangi darajaga olib chiqish uchun haqiqiy vositadir," — deydi AVO bankning xavf-xatarlar bo'yicha direktori Rashid Lahlou. Jamoa tizimni "ta'mirlash" emas, balki nima uchun u aynan shunday ishlayotganini tushunish va har bir texnologiyaning bankning moslashuvchan, texnologik va mijozga yo'naltirilgan bo'lish qobiliyatini oshirishga xizmat qilishini ta'minlashni maqsad qildi.

HiveTech auditi qarz undirish samaradorligini shakllantiradigan barcha jihatlarni qamrab oldi: IT-infratuzilma va tizimlar o'zaro aloqasi, hisobot va tahlil, call-markaz faoliyati, hamda muloqot sifati. Shuningdek, xodimlarni o'qitish jarayonlari va nazorat, mijozlar bilan bog'lanish ma'lumotlarini yangilash va qidirish (skiptrace) jarayonlari ham o'rganildi.

Tadqiqot usullari jurnalistik surishtiruvlarga o'xshardi: biznes egalaridan intervyular olish, skriptlarni tahlil qilish, "yashirin kuzatuv" va test qo'ng'iroqlarni amalga oshirish. "Biz faqat muammolarni qayd etish bilan chegaralanib qolmadik.

Bizning maqsadimiz — rivojlanish yo'nalishini shakllantirish, shunda bank ertaga qanday qadamlardan natija olishini va qaysi ishlar strategik yondashuvni talab qilishini tushunadi," — deydi HiveTech kompaniyasining rivojlanish bo'yicha direktori Javlon Rahmon-Zoda. Natijada undirish tizimini rivojlantirish bo'yicha yo'l xaritasi ishlab chiqildi — bu hujjatda tezkor yaxshilanishlar (Quick Wins) uzoq muddatli strategiyaga ta'sir qiluvchi asosiy o'zgarishlar bilan birga mujassamlashtirilgan.

Ushbu xarita ayni paytda AVO bank va HiveTech hamkorligida ishlab chiqilayotgan yangi Collection CRM tizimi asosiga aylanadi. Keyingi bosqichda murakkabroq yo'nalishlar — Hard va Legal Collection sohalari tahlil qilinadi, bu yerda qarz undirish nafaqat avtomatlashtirish, balki huquqiy aniqlikni ham talab qiladi.

"Biz HiveTech bilan hamkorlikni davom ettirib, undirish tizimini har bosqich o'lchab bo'ladigan, shaffof va boshqariladigan darajaga yetkazishni rejalashtirmoqdamiz," — deydi Rashid Lahlou. AVO bank — O'zbekiston raqamli bank sektori bozorining eng dinamik o'sayotgan ishtirokchilaridan biri.

Bankning maqsadi nafaqat to'liq onlayn mahsulotlar taklif qilish, balki zamonaviy moliyaviy xizmatlarni yaratishdir, bunda texnologiyalar va mijozning qulayligi bir butunlikni tashkil qiladi. HiveTech — IT Park Uzbekistan rezidenti, moliya sektori biznes jarayonlarini avtomatlashtirishga ixtisoslashgan IT-kompaniya.

Ularning Hive Platform low-code konstruktori biznesning aniq vazifalariga mos har qanday IT-tizimni murakkab kodlarsiz va tezkor ravishda yaratishga imkon beradi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing