17:16 / 14.11.2025
1 638

Telegram bir kunda yarim milliondan ortiq kanalni blokladi — rekord natija!

Telegram messenjeri 13-noyabr kuni rekord darajadagi miqdorda kanal va guruhlarni bloklaganini ma’lum qildi. Rasmiy hisobotga ko‘ra, bir kunda 519 645 ta kanal va guruh o‘chirib tashlangan — bu joriy yilning fevralidan buyon eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.

Taqqoslash uchun, shu yilning 5-fevralida Telegram 490 mingdan ortiq kanalni bloklagan edi.

Messenjer ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil boshidan buyon umumiy hisobda 34 million 913 ming 282 ta kanal va guruh bloklangan. Shundan 207 mingdan ortig‘i terrorchilik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan.

Telegram’da moderatsiya jarayonlari 2015-yildan beri foydalanuvchi shikoyatlari va avtomatik tizimlar asosida olib boriladi. O‘tgan yildan boshlab esa bu jarayonga sun’iy intellekt yordamidagi filtrlash vositalari ham joriy etilgan.

Mutaxassislar fikricha, bu Telegram tarixidagi eng yirik “tozalash” bo‘lib, messenjerning global xavfsizlik siyosatini kuchaytirishdagi muhim bosqich sifatida baholanmoqda.


Telegram Messenjeri, Kanal Bloklash, Guruh Bloklash, Suniy Intellekt, Global Xavfsizlik
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing