AQSH marhumlar bilan muloqotni taqdim etuvchi yangi sun’iy intellekt ilovani tanishtirdi

AQSHda inson xotirasi va texnologiyani birlashtiruvchi yangi yo‘nalish paydo bo‘ldi. Kanadalik aktyor va ssenarist Kalam Uorsi 2wai nomli ilova ishlab chiqdi — u sun’iy intellekt orqali marhum insonlarning raqamli nusxasini yaratish va ular bilan suhbatlashish imkonini taklif qildi. Bu haqda Daily Mail 14-noyabr kuni xabar tarqatdi.
Rolikda homilador ayol 2wai orqali vafot etgan onasining sun’iy nusxasi bilan gaplashyotgani ko‘rsatiladi. Vaqt o‘tishi bilan “buvi” chaqaloqqa ertak aytib beradi, bolalar maktabdan qaytganda ular bilan muloqot qiladi va hatto nevarasining tug‘ilishi haqida suhbatlashadi. Ya’ni, ilova inson xotirasiga xos lahzalarni virtual ravishda qayta tiriltiradi.
Raqamli qiyofa yaratish uchun chat-botga marhumning hayotidan olingan uch daqiqalik video yuklanadi. SI shu ma’lumotlar orqali insonning ovozi, yuz ifodasi va muloqot uslubini qayta tiklaydi. Shu bilan birga, texnologiya axloqiy jihatdan ko‘plab bahslarga sabab bo‘lmoqda.
Ta’kidlanishicha, ilova Shekspir yoki Genrix VIII kabi tarixiy shaxslarni ham qayta “jonlantirish” imkonini bera oladi.
Bundan avval Germaniyada avtonom robot-oshxona ishga tushirilgani, Syurix olimlari esa besh yillik izlanishlardan so‘ng Leia nomli tibbiy smart-paypoqlar yaratgani ma’lum qilingandi.
Inson Xotirasi, Sun’iy Intellekt, Raqamli Nusxa, Texnologik Yutuq, Axloqiy Bahslar