00:52 / 20.12.2025
3 160

Aleksander Isak Shvetsiyada 2025 yilning eng zo‘r futbolchisi bo‘ldi

Shvetsiya futbolida 2025 yilning eng munosib va eng yorqin futbolchisi nomi ma’lum bo‘ldi. Mazkur unvon «Liverpul» hujumchisi Aleksander Isakka nasib etdi. U Shvetsiya futbol ittifoqi hamda Aftonbladet nashri tomonidan an’anaviy ravishda topshiriladigan nufuzli «Oltin to‘p» mukofoti sohibi bo‘ldi.

26 yoshli forvard uchun bu sovrin faoliyati davomidagi ilk katta shaxsiy mukofot hisoblanadi. Isakning barqaror o‘yini, hal qiluvchi gollari va jamoa uchun qilgan hissasi mutaxassislar va muxlislar tomonidan yuqori baholandi.

Shvetsiya futbol ittifoqining rasmiy saytida e’lon qilingan xabarda qayd etilishicha, Isak bu mukofotni «Nyukasl» safida ko‘rsatgan yuqori darajadagi o‘yinlari orqali qo‘lga kiritgan. U o‘zining noyob texnik mahoratlari, jismoniy kuch-quvvati va gol urishdagi samaradorligi bilan dunyoning eng raqobatbardosh ligalaridan birida tarix yaratishga muvaffaq bo‘lgan. Ayni paytda u «Nyukasl»ga 70 yildan beri kutilgan katta sovrinni qo‘lga kiritishda hal qiluvchi rol o‘ynagan futbolchilardan biri sifatida e’tirof etilgan.

Ma’lumot o‘rnida, Aleksander Isak o‘tgan mavsum «Nyukasl» bilan Angliya Liga kubogida g‘alaba qozongan. Ushbu muvaffaqiyatdan so‘ng, yozgi transferlar oynasida katta summa evaziga «Liverpul»ga ko‘chib o‘tdi va yangi jamoasida ham yuqori darajada o‘yin namoyon etmoqda.

Isakning «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritishi uning nafaqat Shvetsiya futbolida, balki Yevropa miqyosida ham nufuzi tobora oshib borayotganidan dalolat beradi. Muxlislar esa undan yangi mavsumlarda yanada katta yutuqlar kutishmoqda.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing