23:53 / 14.11.2025
1 875

FIFA 2025 yilgi Pushkash mukofoti uchun nomzodlarni ochiqladi

Xalqaro futbol federatsiyasi – FIFA 2025-yilda topshiriladigan “Pushkash” mukofoti uchun da’vogarlar ro‘yxatini e’lon qildi. Unga ko‘ra, yil davomida dunyo futbolida urilib, millionlab muxlislarni hayajonga solgan eng chiroyli 11 ta gol asosiy talabgor sifatida saralab olindi.

FIFA taqdim etgan ro‘yxatdan yosh iste’dodlar ham, tajribali futbolchilar ham o‘rin olgan. Quyida joriy yilgi top-nomzodlar bilan tanishishingiz mumkin:

Alerrandro (“Vitoriya”), Alessandro Deyola (“Kalyari”), Pedro de la Vega (“Krus Asul”), Santyago Montel (“Independente”), Amr Nossir (“Al Ahli”), Karlos Orrantiya (“Atlas”), Deklan Rays (“Arsenal”), Rizki Rido (“Persiya Jakarta”), Kevin Rodriges (“Kasimpasha”) va Lamin Yamal (“Barselona”).

Ayniqsa, Lamin Yamalning nomzodlar qatorida paydo bo‘lishi katta muhokamalarga sabab bo‘lmoqda — yosh vunderkind bu darajaga juda erta yetgani bilan yana bir bor e’tibor markaziga tushdi. Deklan Raysning “Arsenal” safidagi uzoq masofadan yo‘llangan kuchli zarbasi esa mukofot uchun jiddiy da’vogarlardan biri sifatida tilga olinmoqda.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilgi “Pushkash” mukofotiga “Manchester Yunayted” tarkibida o‘ynagan Alexandro Garnacho sazovor bo‘lgan edi. Uning qayd etgan fantastik “nojichka”si 2024-yilning eng chiroyli goli sifatida tarixga kirgan.

FIFA 2009-yildan beri ushbu nufuzli sovrinni afsonaviy vengr golurar Ferens Pushkash nomi bilan berib kelayotgani bejiz emas — mukofot futboldagi eng ta’sirli, eng yuksak top-gollarni e’tirof etadi.

Ro‘yxatdagi har bir gol nafaqat soz texnika, balki futbolchilarning qobiliyati, jasorati va hal qiluvchi pallada to‘g‘ri qaror qabul qilish mahoratini ham namoyish qiladi. Ayni paytda millionlab muxlislar qaysi zarba yilning eng chiroyli goli deb topilishini kutmoqda.

Barcha 11 ta nomzod golini tomosha qilish uchun havola orqali o‘tishingiz mumkin — va qaysi biriga ovoz berayotganingizni hal qilsangiz bo‘ladi.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing